Samarqand davlat universitetida 8 mart – Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochib,  xotin-qizlarni samimiy tabrikladi. Universitetda samarali faoliyat yuritib kelayotgan xotin-qizlar, olim ayollarning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

    -Dunyodagi har qaysi jamiyatning ma’naviy kamoloti va nufuzi, yuksak madaniyati uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va ehtiromi bilan belgilanadi, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov, - Shu sababli, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, erkinlik va manfaatlarini himoyalash, jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirish, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish vazifalari bugungi kunning dolzarb masalasidir. Samarqand davlat universitetida ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan ayol xodimalar, olimalar faoliyati hamisha e’tibor markazida. Mamlakat iqtisodiyotining yuksalishida, yuksak ma’naviyatli avlod yetishib chiqishida ilm-fanning o‘rni nihoyatda katta. Bugun ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan har bir ayol ana shu yuksalishga daxldordir. Ertangi ilm-fanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, ma’naviyat va ma’rifat sarchashmalaridan ziyo ulashayotgan, millatning sha’ni va g‘ururini yuksaklarga ko‘tarib, o‘zlaridagi nafosat va go‘zallik ila dunyoni go‘zallashtirib kelayotgan ayollarimizni  bayram bilan muborakbod etaman.

    -Bugungi tadbir barcha xotin-qizlarga haqiqiy bayram kayfiyatini ulashmoqda, - deydi falsafa fanlari doktori Mahbuba Ergasheva, - Buning uchun qadrdon universitetimiz jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘tgan yillar ichida ozmi-ko‘pmi erishgan natijalarim e’tirofidan juda mamnun bo‘ldim. Samarqand davlat universiteti jamiyatimizning barcha sohalariga yuzlab olimalarni, yetakchi va ilg‘or xotin-qizlarni yetishtirib bergan dargoh hisoblanadi. Men shu universitetdan yetishib chiqqan olima sifatida hamisha bu muhitga, bu nomga munosib bo‘lishga harakat qilib kelaman. Fursatdan foydalanib barcha ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman.

    Tadbir davomida universitetda samarali faoliyat ko‘rsatib, erishgan natijalari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan, 2022-yil yakuni bo‘yicha “Scopus”, “Web of Science” kabi xalqaro ilmiy-texnik bazalardagi ilmiy jurnallarda maqolalar chop etganligi, universitetning reyting ko‘rsatkichlarini oshirishga o‘z hissasini qo‘shganligi uchun 256 nafar ayol professor-o‘qituvchi va ishchi-xodim SamDU rektorining tashakkurnomasi, qimmatbaho sovg‘alar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2022-yilda dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy daraja olgan xotin-qizlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.