Samarqand davlat universiteti olimlari qishloq xo’jaligi xodimlariga agromaslahatlar bermoqda…
Bugun qishloq xo‘jaligida dala ishlari qizg‘in pallaga kirmoqda. Yerlarni ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish, tuproqqa urug‘ qadash, sabzavot va poliz ekinlari nihollarini o‘tqazish ishlari boshlandi. Bu jarayonda har bir agrotexnik tadbirning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish yuqori hosil olish va dasturxonlarimiz mo‘l-ko‘lligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Aholi xonadonlari, dehqon xo‘jaliklari va fermerlarimizga bu borada ilmiy asoslangan tavsiya va ko‘rsatmalar berish, ishni to‘g‘ri tashkil qilish va kafolatlangan hosil olishga katta yordam beradi. Shu maqsadda Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti olimlari viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklarida ilmiy-tadqiqotlar olib borish bilan birgalikda, ularga bahor mavsumida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar bo‘yicha masalahatlar berib kelmoqda.
Shunday tadbirlardan biri, Tayloq tumani fermer xo‘jaliklarida tashkil qilindi. Bunda yerni ekishga tayyorlash, mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tkazish, sabzavot va poliz ekinlari urug‘lari va nihollarini qadash, ushbu davrda o‘simlik kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.