Samarqand davlat universiteti olimlari Qoratepa tog’ massivi shimoliy yon bag‘rida yangi qoyatosh rasmlarini topdi...
Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi o‘qituvchisi Ilhom Qurbonboyev boshchiligidagi tadqiqotchilar Azmiddin Xolmatov va Alisher Yorqulov O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida joylashgan Jom, Beshbarmoq, Cho‘nqaymish qishloqlari atrofida arxeologik qidiruv ishlarini olib bormoqda. Tadqiqotlar natijasida Qozontoshsoy, Otqamarsoy, Bo‘tabobosoy, Oyshaning zovi, Darvozatosh kabi joylardan bir qancha yangi qoyatosh rasmlari aniqlanib, xaritaga olindi.
Bu qoyatosh rasmlar, qadimgi rassomlar tomonidan urib-cho‘kichlash texnikasida ishlangan bo‘lib, ularda asosan odam, tog‘ echkilari, arxar va boshqa yovvoyi hayvonlar tasvirlangan. Ular qadimgi ajdodlarimizning kundalik turmush tarzi, ijtimoiy-iqtisodiy va diniy hayoti borasida muhim maʼlumot beradi. Dastlabki o‘rganishlar natijalari bu rasmlarni insoniyat tarixiy taraqqiyotining ilk temir, antik, ilk o‘rta asrlar va undan keyingi tarixiy davrlarga oidligini ko‘rsatdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.