Samarqand davlat universiteti va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan SamDU 1-sonli talabalar turar joyi binosida tibbiy profilaktika markazi tashkil etildi. Mazkur markaz universitet professor-o‘qituvchi va talabalar uchun xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, sport sog‘lomlashtirish, davolash profilaktika xonasi, oshxona va muolaja xonalaridan iborat.

    Markazda Samarqand shahar ko‘p tarmoqli poliklinikasidan biriktirilgan vrach va hamshira xizmat ko‘rsatadi. Profilaktika markazida bir qator zamonaviy tibbiy jihozlar va dori vositalari mavjud. Birinchi yordam uchun barcha zarur jihozlar bilan bir qatorda fizioterapiya, elektrokardiogramma hamda ingalyator kabi tibbiy asboblar mavjud.

    – Bugundan Samarqand davlat universitetida professor-o‘qituvchi va talabalariga xizmat ko‘rsatadigan tibbiy profilaktika markazi ish boshladi, - deydi Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, dotsent Shavkat Mahmatmurodov. - Universitet maʼmuriyati, xususan, Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov va Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur markaz ayniqsa, universitet talabalari uchun nihoyatda qulaylik tug‘diradi. Endi sog‘lig‘i bilan bog‘liq biror muammoga duch kelgan talabalar markazga kelib, vrach ko‘rigidan o‘tishi, kerakli tibbiy xizmatlardan foydalanishi mumkin. Profilaktika markazidagi barcha turdagi xizmatlar bepul. Shuningdek, markaz qoshida fitnes klubi faoliyat ko‘rsatmoqda.

    - Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan tibbiy profilaktika markazida ish boshladim, - deydi Samarqand shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika vrachi Hilola O‘lmasova. - Endilikda vrach va hamshira universitet o‘qituvchi va talabalariga xizmat ko‘rsatamiz. Markazda birlamchi tibbiy yordam uchun barcha vositalar yetarli. Eʼtiborli tomoni shundaki, markaz universitet maʼmuriyati tomonidan bir qaior dori vositalari bilan taʼminlangan. Muolaja xonalari bemorlar uchun doimiy xizmat ko‘rsatadi...

    So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab inson salomatligiga rahna soladigan kasalliklarning ortishi, turli viruslarning tarqalishi kabi holatlar sog‘liqni saqlash va aholi salomatligiga muhim eʼtibor qaratish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Bugungi kunda o‘z uyidan uzoqda tahsil olayotgan talabalar orasida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammoga duch kelsa, qayerga murojaat qilishni bilmaslik holatlari ko‘p kuzatiladi. Bu kabi vaziyatlarda sifatli xizmat ko‘rsatadigan, qolaversa, bepul profilaktika markazlari eng qulay yechimdir.

    Bugun yurtimizda sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, sohadagi ijobiy o‘zgarishlar har bir insonning hayoti va turmush-tarzida chuqur aks etmoqda. Inson shaʼni va qadr-qimmatiga bo‘lgan eʼtiborning muhim faktori bo‘lgan xalq salomatligi va fuqarolarni sifatli bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish bo‘yicha haq-huquqlarini taʼminlash masalasi nafaqat, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, balki har bir tashkilot va muassasaning muhim va dolzarb vazifasidir.

Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.