Samarqand davlat universiteti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi professori Xurshid Bozorov bilan suhbat

    “Scopus” o‘zi nima? «h-indeks» chi?..

    - “Scopus” – bu Elsevier akademik nashriyotining 2004 yildan boshlab tashkil qilgan bibliografik maʼlumotlar bazasi hisoblanadi. Dunyoda 4 ta eng katta ilmiy jurnallar, ularda chop etilgan maqolalar, kitoblar, ixtiro patentlari va annotatsiyalar iqtiboslarini hisoblab boradigan maʼlumotlar bazalari tarkibida Elsevier nashriyoti ham mavjud. Shuning uchun “Scopus” maʼlumotlar bazasining reytingi va ishonchliligi yuqori.

    -Scopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqolalar qanday chiqariladi  tajribalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

    - Har bir ilmiy jurnalning “Web” sahifasi mavjud. Ushbu sahifalarda “Indexing” bo‘limini tekshirish orqali ushbu jurnal Scopus da indeksatsiya qilinadimi yoki yo‘q bilib olinadi. Lekin bu bilan chegaralanib qolmaslik kerak. Eng maʼqul yo‘l bu Scopus bazasida jurnal nomini kiritib aniqlash hisoblanadi. “Scopus” – maʼlumotlar bazasi 11600 dan ortiq nashriyotlarni jamlagan, shundan 36000 tasi “tahrir qilinadigan” (peer-reviewed journals) jurnallar, yaʼni siz maʼlum jurnalga o‘z qo‘lyozmangizni topshirganingizdan so‘ng sizning qo‘lyozmangizni bosh muharrir kamida 2  mustaqil taqrizchiga yuboradi. Ekspertiza jarayoni har xil,  kamida 1 oydan 4-6 oy, baʼzan 1 yilgacha davom etishi mumkin.

    - Maqola qaysi tillarda bo‘lishi kerak?

    - Asosan ingliz tilida. Juda oz sonli Scopus jurnallari nemis, xitoy va rus yoki boshqa tillarda nashr qilinadi.

    -Scopus bazasiga kiruvchi jurnal bilan Scopus bazasiga kirmaydigan jurnallarni qanday farqlash mumkin?

    - Bu juda oddiy. Avvalo Scopus bazasidan mazkur jurnal qidirib ko‘riladi, lekin bu yerda bir muhim faktor mavjud. Yuqorida taʼkidlaganimdek “Scopus” – maʼlumotlar bazasida 36000 ta “tahrir qilinadigan” (peer-reviewed journals) jurnallar, shu bilan birgalikda 2000 dan ortiq yangi qo‘shilgan jurnallar  bor. Ko‘p hollarda ushbu jurnallarning aksariyati 1 yildan so‘ng Scopus talablariga javob bermasligi natijasida ushbu bazadan chiqarib yuboriladi. Shuning uchun har qanday jurnalning “tarixiga” eʼtibor berish muhim. Yaʼni, siz o‘z sohangiz bo‘yicha tanlagan jurnal Scopus da so‘nggi 5-7 yildan beri mavjud bo‘lsa, demak shu jurnalga o‘z qo‘lyozmangizni topshirsangiz bo‘ladi. Agar u jurnal Impakt Faktorga (Impact Factor) ega bo‘lsa, unda yuqori ishonchli hisoblanadi va tanlashga arziydi.

    - Sizning Scopus bazasiga kiruvchi maqolalaringiz SamDU professor-o‘qituvchilari orasida «h-indeks»i yuqori darajada turadi. Bunga qanday erishgansiz? «h-indeks» o‘zi nima?

    - «h-indeks» yoki «Hirsh indeksi» 2005 yilda Kaliforniya universiteti fizik olimi Xorxe Xirsh tomonidan fizik olimlarning ilmiy samaradorligini baholash uchun taklif qilingan ilmiy ko‘rsatkich hisoblanadi. «h-indeks» - bu olim yoki tadqiqotchining ilmiy faoliyatidagi chop qilingan nashrlar soni va ushbu nashrlarning iqtiboslar soniga asoslangan miqdoriy xarakteristikasidir. Demak «h-indeks» ning qiymati bevosita chop qilingan nashrlar va ularga berilgan iqtiboslar soniga bevosita bog‘liq. Men asosan impakt faktor (Impact Factor) yuqori hamda o‘quvchisi ko‘p bo‘lgan jurnallarda ilmiy ishlarim natijalarini chop qilganman. Odatda maqola miqdoridan ko‘ra  sifatiga eʼtibor qaratganman.

     - Yosh tadqiqotchilarga ilmiy maqola yozish bo‘yicha tavsiyalaringiz?

    - Yosh tadqiqotchilarga ko‘proq o‘z yo‘nalishlarida yuqori reytingga ega jurnallardagi ilmiy maqolalar bilan tanishib turishni maslahat beraman. Natijada yangi ilmiy ko‘nikmalar va g‘oyalarga ega bo‘lishadi. O‘z ilmiy ishlanmalari natijalarini maqola sifatida chop qilishda Science Citation Index – SCI (biz odatda Web of Science deb ataymiz)  maʼlumotlar bazasidagi jurnallarga ko‘proq eʼtibor berishni tavsiya qilardim. “Scopus” va “Science Citation Index” (SCI) maʼlumotlar bazalari, bu ikkalasi ham iqtibos indekslari asosida ish ko‘radi. “Scopus” – Elsevierga, Science Citation Index (SCI) esa “Clarivate Analytics” (sobiq Thomson Reuters)ga tegishli. Scopus fan, texnologiya, tibbiyot va ijtimoiy fanlar sohasidagi mustaqil jurnallarga eʼtibor qaratsa, SCI asosan texnik va ilmiy nashrlarni, jumladan, tabiiy va ijtimoiy fanlarni indekslaydi. Scopus va SCI tomonidan indekslangan jurnallar indekslanmaganlarga qaraganda ancha yaxshi va ular o‘rtasida qattiq raqobat mavjud. Scopus tomonidan indekslangan Elsevier jurnallari sifat va dolzarblik nuqtai nazaridan SCI tomonidan indekslangan jurnallardan biroz zaifroq. Buning sababi shundaki, SCI indekslash maʼlumotlar bazasi jurnallarning haqiqiyligi, ishonchliligi, sifati, yangiligi va akademik dolzarbligiga  katta ahamiyat beradi. Shuning uchun, SCI jurnallari nashr qilishning qatʼiy qoidalariga amal qiladi. Boshqa tomondan, Scopus nashriyoti bo‘yicha ko‘rsatmalar ham qatʼiy, ammo ularga rioya qilish nisbatan osonroq. Jurnal sifatini indekslash maʼlumotlar bazasi tomonidan baholash SCI da kamroq jurnallar va Scopus da ko‘proq jurnallar indekslanishiga olib keladi. Xulosa o‘rnida aytamanki, Scopus miqdori jihatdan, SCI esa sifat jihatidan kattaroqdir. Shuning uchun, agar siz ilmiy maqolangizning salohiyatiga ishonchingiz komil bo‘lsa, Scopus emas, balki SCI jurnallarini ko‘rib chiqishingiz va tanlashingiz kerak. Chunki deyarli barcha SCI da indekslanuvchi jurnallar Scopus bazasida ham indekslanadi, aksincha ko‘pgina Scopus da indekslanuvchi jurnallar SCI bazasida indekslanmaydi. Xorijda ko‘proq SCI bazasidagi jurnallarda maqola chop etganingiz asosida sizning ilmiy salohiyatingizni baholashadi. SCI bazasidagi jurnallarning deyarli hammasi impakt faktor (Impact Factor) qiymatiga ega. Oddiyroq qilib aytganda, agar siz “SCI bazasi” da maqola chop qilsangiz, yakunda kamida “Scopus bazasi” da maqola chop qilgan bo‘lasiz.

 

Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati xodimi
Behruz SHAMSIDDINOV suhbatlashdi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar