Samarqand davlat universitetida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva, Samarqand viloyati “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi direktori Rahima Rahmonova hamda o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

    Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar erta turmush qurishning salbiy oqibatlari, sog‘lom turmush-tarzi qoidalari mavzularida ma’ruzalar qildi. Oila qurish arafasida bo‘lgan yoshlar uchun tibbiy ko‘rikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

 – Bugungi kunda yoshlarni nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdan maqsad sog‘lom oilaga asos solish ekanini to‘g‘ri tushunish zarur, - deydi  viloyat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi direktori Rahima Rahmonova, -  Zero, ota-ona sog‘lom bo‘lsagina sog‘lom farzand dunyoga keladi. Oila – bu muqaddas dargoh. U har bir inson hayotida muhi o‘rin tutadi. Afsuski, bugun yoshlar o‘rtasida hayotiy tajribaning yetarli emasligi, ularda o‘zaro bir-biriga nisbatan hurmat, bir-birini  himoyalash, qo‘llab-quvvatlash, hayotda uchraydigan qiyinchiliklarga birgalikda bardosh berish kabi xususiyatlarni to‘liq shakllanmaganligi natijasida tuzilgan nikoh mustahkam bo‘lmaydi. Erta turmush esa, o‘z navbatida bilim, ilm, hunar egallashga to‘sqinlik qiladi. Shu sababli, har bir oilada ota-ona o‘z zurriyodi, ya’ni farzandi kamoli va taqdiri haqida qayg‘urganda shu masalalarga e’tibor qaratishi lozim.

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati

    Shavkat Akramov olgan suratlar.