“Fizika – mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan muhim tarmoqlardan biri”
Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi dotsenti Akmal Safarov bilan suhbat
-Ilm-fan yo‘li mashaqqatli. Bu yo‘lni tanlashingizga kim sabab bo‘lgan?
-Dadam, Asqar Safarov fizika-matematika fanlari nomzodi. Hozirda Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi va astronomiya ilmiy o‘quv laboratoriyasida faoliyat yuritadi. Bolaligimdan dadamning fizikaga oid kitoblarini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Dadam kitob o‘qib o‘tirgan paytlari men ham oldiga borib, hali o‘qishni bilmasam ham rasmlarini ko‘rib o‘tirardim. Kosmos, teleskoplar, har xil asboblar suratlarini tomosha qilish men uchun qiziq edi.
16 yoshimda Amerika elchixonasi tomonidan e’lon qilingan “Accels” dasturi tanlovida g‘olib bo‘lib, o‘qishimni Amerikada davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Maktabni o‘sha yerda tamomlab, 2003-yilda O‘zbekistonga qaytib keldim va Samarqand davlat universiteti fizika fakultetiga o‘qishga kirdim. Keyin magistratura, doktoranturada o‘qidim.
Italiyada fizika sohasida musulmonlar orasida birinchi bo‘lib Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan mashhur fizik Abdus Salam nomidagi Xalqaro nazariy fizika markazi bor. 2015-yil ushbu markaz hamda Xalqaro Atom Energiyasi Agentligi (MAGATE) tomonidan e’lon qilingan qo‘shma ICTP-STEP ta’lim dasturi g‘olibi bo‘ldim va bir yil davomida ilmiy ishim mavzusi bo‘yicha Avstriyada joylashgan agentlikning Zibersdorf laboratoriyasida tadqiqot olib bordim.
2021-yilda “Atrof-muhit obyektlarining past aktivligini o‘rganish: gamma spektrometriyada yangi yondashuv” mavzusida PhD dissertatsiyamni himoya qildim.
Bugungi kunga qadar AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Avstriya, Norvegiya, Daniya, Turkiya, Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Vatikan kabi davlatlarda bo‘lganman.
“Yadro fizikasi tabiatning yangi qonunlarini ochish uchun kerak”
– Nima uchun aynan yadro fizikasi sohasi?
– Eng avvalo, fizika mamlakat taraqqiyoti asoslarini yaratib beradigan muhim tarmoqlardan biridir. Yadro fizikasi fundamental muammolarni hal qilishda - materiya tuzilishining chuqur xususiyatlarini o‘rganish va tabiatning yangi qonunlarini ochish uchun kerak. Shuningdek, ushbu fan astrofizikaning ko‘plab sohalari uchun, masalan, yulduzlardagi termoyadro reaksiyalarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Yadro fizikasining amaliy qo‘llanilishi xilma-xildir: yadro va kelajakda termoyadro energetikasidan tortib tibbiyot diagnostikasi va terapiyasigacha.
Yadro fizikasi uskunalari va usullari tog‘-kon sanoatida (birinchi navbatda uran qazib oluvchi korxonalarda), qishloq xo‘jaligi, gidrometeorologiya, geologiya, tabiatni muhofaza qilish, radiasiyaviy sterilizasiya va uran qoldiqlarini qayta ishlash, oziq-ovqat va qurilish materiallarining radiasiyaviy xavfsizligini nazorat qilishda, sud-tibbiyot, onkologiya va tibbiy diagnostikada faol joriy etilmoqda.
O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilganligi munosabati bilan hukumat tomonidan atom energetikasini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingani sababli ushbu mavzu yanada dolzarb ahamiyat kasb eta boshladi. Hukumat tomonidan belgilangan asosiy vazifalardan biri atom sanoati uchun mutaxassislar tayyorlashdir. Ushbu vazifa ijrosi uchun O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) va Samarqand davlat universitetining yadro fizikasi fakultetlariga qabul kvotasi oshirildi. So‘nggi paytlarda iqtisodiyotning jadal sur’atlarda o‘sishi tufayli O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatining turli sohalarida tinch yadroviy texnologiyalardan faol foydalanilmoqda. Bunga neft-gaz sektori va tibbiyotda radioizotop mahsulotlarining qo‘llanishi misol bo‘la oladi.
Bu borada Samarqand davlat universiteti yadro fizikasi laboratoriyasi faoliyatiga to‘xtalib o‘tishim joiz. Xabaringiz bor, yaqinda laboratoriyada katta hajmda rekonstruksiya ishlari olib borildi. Rekonstruksiyaga qadar laboratoriyada Xalqaro atom energiyasi agentligining 3 yirik loyihasi bajarilgan. Mazkur loyihalar doirasida respublikamizga qariyb 1 million dollarlik investisiya olib kirishga muvaffaq bo‘ldik. Rekonstruksiyadan keyin laboratoriya jahon standartlariga javob beradigan yangi turdagi asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Loyihalar doirasida yadro fizikasini o‘qitishda ta’lim sifatini oshirishga karatilgan 5 o‘quv laboratoriya yaratildi. Hozirda ularni amalga oshirish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda yadro fizikasi va astronomiya kafedrasida jahonning nufuzli universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, u yerdagi xalqaro toifadagi mutaxassislarni universitetga jalb qilish hamda ular bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, yosh o‘qituvchilarni stajirovkaga yuborish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
“Massachusetts texnologiya instituti sari...”
-2022-yilning aprel-avgust oylarida dunyoda yetakchi hisoblangan Amerikaning Massachusetts texnologiya institutida stajirovkada bo‘lgansiz. Taassurotlaringizni bo‘lishsangiz?
-Ushbu stajirovkada qatnashishim MAGATE agentligi texnik hamkorlik fondi tomonidan moliyalashtiriladigan dastur doirasida bo‘lib o‘tdi. Dastur uchun hujjat topshirishda dunyoning eng yetakchi universiteti bo‘lgan Massachusetts texnologiya institutini tanladim. Mazkur institutda bo‘lish, stajirovka o‘tash men uchun azaliy orzu edi. Shu tariqa o‘tgan yili aprel-avgust oylarida Massachusetts texnologiyalar institutida stajirovka o‘tadim. U yerda reaktorlar fizikasi bo‘yicha professor Benoit Forget bilan yadro fizikasi va muhandisligi bo‘yicha, professor Mike Short bilan yadro fizikasi ta’limida dars sifati va samaradorligini yaxshilash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bordim. Ushbu ilmiy tadqiqotim radiatsion xavfsizlik va reaktorlar fizikasi sohasi, turli moddalar tarkibidagi radiaktivlarni o‘rganish, detektorlar yordamida moddadan chiqadigan nurlarni qayd qilish va olingan ma’lumotlar asosida modda tarkibidagi elementlar miqdorini aniqlashga qaratilgan.
Mazkur institut professorlari bilan hozir ham aloqalarimiz bor. May oyida professor Mike Short ning Samarqand davlat universitetiga tashrifi kutilyapti. Amerikalik professor SamDU Muhandislik fizikasi institutiga kelib, o‘qituvchi va talabalarga umumiy ma’ruza darslari o‘tadi.
Shuningdek, Massachusetts texnologiyalar institutida yadro fizikasi fanlarini o‘qitishda foydalanadigan o‘quv kurslari, zaruriy darslik va qo‘llanmalardan bu yerda ham joriy etish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirdik. Hozirda Massachusetts texnologiyalar institutida o‘qitiladigan “Ionlashtiruvchi nurlanishlarning moddalar bilan ta’siri” fani o‘zimizda o‘qitilyapti. Kelgusida SamDU professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarining mazkur institutda stajirovka o‘tashlarini davomli yo‘lga qo‘yish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqdamiz.
“O‘z ustida ishlash, tinimsiz mehnatda gap ko‘p...”
-Olim bo‘lish insondan nimani talab qiladi?
-Eng avvalo, qiziquvchanlikni. Inson yaralibdiki, Yer va osmon tuzilishi, bizni o‘rab turgan borliqda nimalar borligi, Koinotning qanday bo‘lgani kabi savollarga javob izlab yashaydi. Bu hammasi insondagi qiziquvchanlik sabab kelib chiqadi. Olimlarda bu fazilat boshqalarga nisbatan ko‘proq bo‘ladi.
Ikkinchi omil bu – oilaviy muhit. Agar oilada bilim olishga qiziqishga undaydigan muhit bo‘lsa, ya’ni ota-ona bu borada farzandlariga o‘rnak bo‘lsa, bolada ham ilmga mehr uyg‘onadi. Har bir muvaffaqiyat 99 foiz mehnat va 1 foiz iste’dodning mahsulidir. O‘z ustida ishlash, tinimsiz mehnatda gap ko‘p...
“Fizika sohasini tanlamaganimda...”
-Agar fizika sohasini tanlamaganingizda qaysi sohadan ketgan bo‘lardingiz?
-Aniq fanlarni bir piramida deb oladigan bo‘lsak, o‘sha piramidaning eng yuqori qismida matematika joylashgan bo‘ladi. Dunyo bo‘ylab har bir mamlakat o‘z ona tiliga ega bo‘lgani singari koinot tili matematikadir. Koinotdagi har bir jarayon va element matematika tilida gaplashadi. Agar fizika sohasidan ketmaganimda matematikani tanlagan bo‘lardim.
“Fizika faqat nazariya bilan cheklanib qoladigan fan emas”
-Bugungi oliy ta’limda fizika fanini o‘qitish tizimiga oid fikrlaringiz qanday?
-Talabalik yillarim bilan hozirgi davrni solishtirib ko‘rsam, juda katta farq sezaman. O‘sha paytda bir magistr yoxud doktorantda bo‘lmagan sharoit va imkoniyatlar hozir barcha talabalarda bor. Fizikada laboratoriya mashg‘ulotlari muhim rol o‘ynaydi. Afsuski, shunday vaqtlar bo‘lganki, juda muhim tajribalarni shunchaki “faraz qilish” bilan o‘tkazib yuborganmiz. Ammo bugun talabalarni bunday muammolar qiynamaydi. Fizika faqat nazariya o‘qish bilan cheklanib qoladigan fan emas. Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida bu borada barcha kerakli va zaruriy asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyalar har qanday turdagi laboratoriyani o‘tkazishga qodir.
Samarqand davlat universitetida Muhandislik fizikasi institutining tashkil etilganligi muhim hodisa bo‘ldi. Muhandis bilan olim o‘rtasida katta farq bor. Olim fundamental masalalar bilan shug‘ullanadi, masalani ilmiy tahlil qilishga kirishadi. Muhandis esa olimlar tomonidan to‘plangan bilimlar asosida yangi kashfiyotlar yaratadi. Shu sababli, yangi kelajakning barqaror asoslarini yaratib beradigan ixtirochi-muhandis kadrlar tayyorlash kun sayin dolzarb masalaga aylanmoqda.
Aniq fanlar sohasidagi hamkorlikni ko‘proq Gʻarbga emas, balki Osiyo va arab davlatlariga qaratish kerak. Ularning ilmiy salohiyati Gʻarbnikidan qolishmaydi. Qolaversa, tarixdan ma’lum, bizning mutafakkir ota-bobolarimiz azal-azaldan arab olimlari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan. Bag‘doddagi “Baytul hikma” ilmiy maktabi bunga yorqin misoldir. Shuning uchun, fizika sohasidagi bugungi tadqiqotlarda arab davlatlari ilmiy maktablari, tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish kerak, deb o‘ylayman.
“4 yil davomida ularni kim imtihondan o‘tkazgan?”
-Ilm-fan sohasidagi yosh tadqiqotchi va talabalarga qanday tavsiyalar bera olasiz?
-Avstriya safarida bo‘lganimda ilmiy rahbarim shotlandiyalik professor Iain Darby menga juda katta yordam bergan, ilmiy ish himoyamda ham qo‘llab-quvvatlagan. Safarim tugab vatanimga ketarkanman, xayrlashayotganimizda professorga savol berdim: “Menday oddiy bir tadqiqotchiga juda katta yaxshilik qildingiz. Bu yaxshiliklaringizni qanday qaytarishni ham bilmayman...” Shunda professor menga bir gapni aytdi. O‘sha gap butun umrga xotiramda muhrlanib qoldi. “Qachonlardir, yoshim sendayligida men ham o‘z kelajagiga o‘zi ishonmaydigan, hayotda o‘z yo‘lini topolmagan yigit edim. O‘shanda menga hech kim ishonmaganda bir o‘qituvchim kelajagimga katta ishonch bilan qo‘lidan kelgancha yaxshilik qildi. Ilmiy ish himoyamga yordam berdi. O‘shanda niyat qilgandim, qachonlardir, men ham professor bo‘lsam, huzurimga shunaqa ilmtalab yoshlar kelsa, men ham ularga shunday yaxshilik qilaman. O‘sha odam sen bo‘lding. Senga qilganlarim evaziga faqat bir narsa so‘rayman: Vaqti kelib, katta olim bo‘lganingda, huzuringga ilm talabida biror kishi kelguday bo‘lsa, sen ham ularga shunday yaxshilik qil...”
Talabalik – oltin davr. Har bir talaba shu to‘rt yillik oltin davrni o‘qish, ish va hayoti o‘rtasidagi balansni ushlagan holda muhim narsalarni o‘rganishga sarflashi lozim. Qaysi soha bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z mutaxassislik fanlarini puxta bilishi va albatta xorijiy tillarni o‘rganishi kerak.
Massachusetts texnologiya institutida talabalar xuddiki, kompaniya xaridorlari maqomida. O‘qituvchining dars jarayonlariga, o‘qitish usuliga faqat va faqat talabalar baho beradi. O‘qituvchilar mutlaqo erkin. O‘quv jarayonlari, hujjatlashtirish tizimi juda sodda. Baholash mezonlari ham oson va qulay.
Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytaman: Hozir to‘rtinchi kurs bo‘lsa ham o‘z mutaxassisligiga oid oddiy narsalarni bilmaydigan talabalar juda ko‘p. Ularga darsga kirib qolsam, bir savol miyamda aylanadi: “Bunday talabalarni nima uchun qabul qilishgan?” “4 yil davomida ularni kim imtihondan o‘tkazgan?”
Men asosan bitiruvchi kurs talabalariga dars beraman. Odatda bu kurs talabalari o‘z mutaxassisligi bo‘yicha asosiy bilimlarni o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Shunga mos bitiruvchi bosqichda o‘tiladigan fanlar ham murakkablashib boradi. Afsuski, ko‘pchilik talabalar bu murakkab narsalarni tushunmaydi. Bunday vaziyatda nima qilishni bilmay boshingiz qotadi...
Fanga oid fundamental bilim bo‘lmasa, o‘qishning hech kimga, hatto, talabaning o‘ziga ham foydasi yo‘q. Buni hammaga to‘g‘ri tushuntirish kerak. O‘quv jarayonini soddalashtirish, qog‘ozbozlikni yo‘qotish kerak. O‘qituvchilarga erkinlik berish, ularning zimmasiga yuklanayotgan yuklamalarni kamaytirish kerak.
Yosh tadqiqotchilarga tavsiyalarim hech qachon izlanishdan, mehnat qilishdan erinmaslik kerak. Yuqorida aytganimday, har bir erishilgan yutuq ortida katta va kuchli mehnat yotadi. Bu yo‘lda ularga omad va ilm-fanga bo‘lgan mehr hamroh bo‘lishini tilayman.
Suhbatdosh: Iroda BEKMURADOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi