Nobel mukofoti laureati sharafiga
Samarqand davlat universitetida zamonaviy analiz usullari ilmiy laboratoriyasi ochildi...
AQSH ning Karolina universiteti professori, Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ishtirok etgan tantanali marosimda talabalar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Mazkur laboratoriya Yaponiya, Rossiya, AQSH kabi davlatlardan keltirilgan 10 ga yaqin zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ularda organik va noorganik materiallar, kimyo sohasida moddalar tadqiqi va kompleks birikmalar sintezini amalga oshirish, nanomateriallar xossalarini o‘rganish, moddalar tarkibini miqdor va sifat jihatdan tahlil qilish, biofaol birikmalarni aniqlash kabi bir qator muhim yo‘nalishlarda ilmiy tahlil va tajribalar amalga oshiriladi.
Zamonaviy analiz usullari laboratoriyasi ko‘p tarmoqli bo‘lib, bir vaqtning o‘zida kimyo, biologiya, farmatsevtika, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati, parfyumeriya, materialshunoslik, biologik tadqiqotlar, atrof-muhit muhofazasi, konchilik, neft-gaz kimyosi, qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori aniqlikdagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradi.
-Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar SamDU kimyo fakulteti talaba, magistr va doktorantlari uchun biorganik kimyo fanidan ma’ruzalar o‘tib kelmoqda, - deydi Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti dekani, dosent Sanjar Tillayev. - Ushbu darslar talabalarga kimyo sohasida jahon ilm-fanidagi, xususan, Shimoliy Karolina universiteti olimlari tomonidan erishilayotgan ilmiy yutuqlar bilan tanishish imkoniyatini beradi. Bugun Samarqand davlat universiteti rektori tashabbusi bilan tashkil etilgan zamonaviy analiz usullari laboratoriyasining ochilish marosimida shaxsan Aziz Sanjarning o‘zi ishtirok etgani universitetimiz hayotida muhim tarixiy voqea hisoblanadi. Kelgusida ham Aziz Sanjar bilan mustahkam ilmiy hamkorlikni davom ettiramiz. Olimning SamDU tadqiqotchilariga ilmiy rahbarlik qilishi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.
-Kimyo sohasida o‘qiyotgan har bir talaba uchun Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar bilan uchrashish, ma’ruzalarini eshitish katta baxt, - deydi kimyo fakulteti talabasi, Aziz Sanjar nomidagi stipendiya sohibi Komila Bebitova. - Olimning DNK ni tiklash bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari, bu yo‘lda boshdan kechirgan mashaqqatlari biz uchun ibrat maktabidir...
Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar nomidagi ilmiy laboratoriyada bugungi kunda nafaqat sohaga oid ilmiy tadqiqotlar, balki, tibbiyot, atrof-muhit muhofazasi, oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi zararli moddalarni aniqlash, sanoat va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari uchun tadqiqot obyektlari tahlillari o‘tkazilmoqda. Bu borada sohaga oid bir nechta grant loyihalarni amalga oshirish belgilangan.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.