“Ish qidirib sarson bo‘lmang. Biz o‘zimiz sizga tavsiya qilamiz…” Samarqand davlat universitetida o’tkazilgan “Karyera kuni – mehnat yarmarkasi” talabalar uchun shunday imkoniyat yaratdimi⁈
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan “Karyera kuni – mehnat yarmarkasi” talabalar uchun o‘z sohalarida doimiy ish topish imkoniyatini taqdim etdi.
Tadbirda SamDU o’quv ishlari bo’yicha prorektorlari, professor Ahmadjon Soliyev, Rustam Yo’ldoshev, Samarqand viloyat kambag’allikni qisqartirish bandlik boshqarmasi o’rinbosari Shohrux Eshonqulov, viloyat hokimligi mas’ullari hamda ish beruvchi tashkilotlar ishtirok etdi.
E’tiborlisi, talabgorlar ish qidirib davlat tashkilotlari eshigida ovora bo‘lgani yo‘q. Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamda bir qator davlat tashkilotlarining o‘zlari talabgorlarga tegishli yo‘nalishlardagi vakantlarini taklif qildi.
Tadbir so’ngida talabalar ish beruvchi tashkilotlar bilan suhbatlashib, taklif etilayotgan ish o‘rinlari bilan tanishdi. Mazkur vakantlar turli-tuman yo‘nalishlarda bo‘lib, talabalar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan muassasani tanlashlari hamda kelishuv va suhbat asosida ishga joylashishlari mumkinligi haqida atroflicha ma’lumot oldilar.
Talabalar bandligini ta’minlash asosiy masala sifatida ko‘tarilayotgan bugungi zamonda bu kabi mehnat yarmarkalari talabalar uchun qulay imkoniyat. Shunday ekan, undan o‘z karyerasini shakllantirish yo‘lida foydalanib qolish har bir insonning o‘ziga bog‘liq.