“Gʻafur Gʻulomning poetik mahorati” mavzusida konferensiya o‘tkazildi...
Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulom tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlab “Gʻafur Gʻulomning poetik mahorati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Unda respublika oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov ochdi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar Gʻafur Gʻulom shaxsiyati va ijodining o‘ziga xos qirralari, shoir poetikasining xalqchilligi va teran mazmunga boyligi haqida fikrlar bildirdi.
– Gʻafur Gʻulomni anglash bu o‘zbek xalqini anglash, Gʻafur Gʻulomga hurmat va ehtirom bu o‘zbek xalqiga ko‘rsatilgan iltifotdir, - deydi Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Muslihiddin Muhiddinov, - Gʻafur Gʻulom singari ulug‘ insonlarning nomi, shoni bevosita xalq nomi va shoni bilan chambarchas bog‘langan. Men Gʻafur Gʻulomni nafaqat shoir, balki katta qalb egasi bo‘lgan inson sifatida ham yaxshi bilaman. Gʻafur Gʻulom tom ma’nodagi ezgulik elchisi, ma’rifat jarchisi edi. Shoir she’riyatida umuminsoniy g‘oyalar yashaydi. Bu borda u jahonning manaman degan shoirlari bilan bemalol tenglashadi. Ba’zi bir o‘rinlarda esa ulardan baland hamdir. Gʻafur Gʻulom poeziyasida o‘zbekning qalbi namoyon bo‘ladi.
Anjuman davomida Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti “Behbudiy izdoshlari” teatr jamoasi a’zolari ijrosida Gʻafur Gʻulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi asosida sahna ko‘rinishi namoyish etildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.