“Milliy g‘oya millat uchun hayot-mamot masalasi”
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/64645fe57cfc4-64645fe57cfc7-64645fe57cfc8-64645fe57cfc9.jpg)
Samarqand davlat universitetida mazkur mavzuda ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi...
Nufuzli tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov, “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmat, G.V Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali professori Shuhrat Gʻoyibnazarov, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti bo‘lim mudiri, dosent Shavkat To‘rayev hamda respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari mas’ul xodimlari, ilmiy jamoatchilik ishtirok etdi.
Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov ochib, millat taqdirida milliy g‘oya tushunchasining ahamiyati, sifatli ta’lim va samarali ilmni millatning kelgusi hayoti mezoniga aylantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi: Bugun ilgari surilayotgan milliy g‘oya asosi sifatli ta’lim va samarali ilm-fanga qurilayotgani bejiz emas, albatta. Bu jarayon sifatli ta’lim berish, millatning qadim dahosini tiklash bilan amalga oshiriladi. Bunga jamiyatda insonning ilm olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish, ma’rifatli davlat siyosatini yuritish, bola ongu shuuriga go‘dakligidanoq ziyo olib kirish yordamida erishiladi. Ma’rifatli millat, ozod xalqgina milliy g‘oya haqida o‘ylaydi. Uni yaratish ustida bosh qotiradi. Uning uchun milliy g‘oya muqaddas tuyg‘uga aylanadi. Demak, milliy g‘oyaning negizida sifatli ta’lim, samarali ilm, milliy manfaatlar mujassam bo‘lishi shart.
Konferensiyada respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasa va tashkilotlari vakillari mavzuga oid ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. So‘zga chiqqan har bir ishtirokchi ilm-fan va sifatli ta’limning mamlakat rivojlanishida nechog‘li ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, samarali ilm va ta’lim masalasining milliy g‘oya sifatida belgilanishidan keyingi amalga oshiriladigan vazifalar xususida atroflicha fikr yuritishdi.
Anjuman davomida Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmatga SamDU faxriy professori unvoni hamda “Samarqand davlat universitetining 600 yilligi” esdalik nishonini topshirdi.
Iroda BEKMURODOVA
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.