Atoqli olim, professor Raxmatulla Qo‘ng‘urov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab konferensiya oʻtkazildi
Samarqand davlat universitetida atoqli o‘zbek tilshunosi, O‘zbekiston fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Raxmatulla Qo‘ng‘urov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab “O‘zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Anjumanda respublikaning turli nufuzli ta’lim muassasalari va tashkilotlaridan olimlar hamda SamDU professor-o'qituvchilari oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Hakim Xushvaqtov oʻqib eshittirdi.
Konferensiya davomida olimning ilmiy merosi, oʻzbek tili uslubshunosligi maktabiga tamal toshi qoʻygan faoliyati haqida bildirilgan fikrlar va olim xotirasini abadiylashtirishga oid takliflar Raxmatulla Qoʻngʻurov xotirasiga ehtiromning o‘ziga xos namunasi bo‘ldi.
– Bugungi anjuman orqali yosh avlod koʻz oʻngida Raxmatulla Qoʻngʻurov siymosi yanada yorqin koʻrinishda namoyon boʻlishi shubhasiz, - deydi filologiya fanlari doktori, professor Joʻliboy Eltazarov, - Konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu aslida. Umrboqiy asarlari bilan oʻzbek tilshunosligi ravnaqiga hissa qoʻshgan zabardast olim ilmiy merosi va hayotini oʻrganish hamda targʻib etish, nafaqat ajdodlar va avodlar oʻrtasidagi ruhiy barqarorlik, balki ulugʻ avlodni tarbiyalash va ta’lim berish yoʻlida ham mustahkam asos boʻlib xizmat qila oladi. Raxmatulla Qoʻngʻurovning uslubshunoslik va nutq madaniyati, umuman oʻzbek tilshunosligining barcha tarmoqlari rivojiga qoʻshgan hissasi, mazkur sohalarda olib borgan tadqiqotlari, qoldirgan ilmiy merosini to‘la-to‘kis o‘rganib chiqish, targ‘ib qilishga yillar kerak. Ammo bugungi anjuman qisqa fursatda ana shunday sharafli vazifaning muayyan qismini bajara oldi, deb o‘ylayman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.