Samarqand davlat universiteti Qabul komissiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
Unda Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlari Ahmadjon Soliyev, Rustam Yo‘ldoshev, Qabul komissiyasi mas’ul kotibi Mavlon Boboxonov, shuningdek, Urgut filiali mutasaddilari, institutlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida Samarqand davlat universitetiga 2023-2024-o‘quv yili uchun qabul kvotalari, ularning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti, yangi o‘quv yilida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti o‘rinlari soni hamda universitetda tashkil etilgan yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Joriy yilgi qabulni yuqori saviyada o‘tkazish va abituriyentlarning qabul jarayoni haqida kerakli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, tezkor olishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan Qabul komissiyasi, Call va maslahat markazlari faoliyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga SamDU magistratura mutaxassisligiga qabul va xorijlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bo‘yicha batafsil axborot berildi.
Ta’kidlash joizki, 2023-2024-o‘quv yilida Samarqand davlat universitetida bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga jami 37 yo‘nalish bo‘yicha 1699 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, shundan 645 tasi davlat granti, 1054 tasi esa to‘lov-kontraktni tashkil qiladi. Mazkur o‘quv yili uchun magistraturaga 45 mutaxassislik yo‘nalishi bo‘yicha 524 ta joy ajratilgan. Ularning 428 tasi davlat granti asosida, 96 tasi esa to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Anjuman davomida viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari qabul jarayonlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati