Rasmiy bayonot
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan Samarqand davlat universiteti talabalari tomonidan o‘zlashtirilmagan fanlardan kreditlar bo‘yicha ortiqcha to‘lov qilinayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan
Xabar berilganidek, ushbu masalani o‘rganish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining “Fuqarolar murojaatini o‘rganish to‘g‘risida” 2023-yil 25-iyuldagi buyrug‘i asosida tuzilgan vazirlik mas’ullaridan iborat ishchi guruhi talabalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashgan holda vaziyatni o‘rgandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra hamda talabalar va ularning ota-onalari murojaatlarini inobatga olgan holda talabalar arizasiga muvofiq quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
Istisno tariqasida 2022/2023-o‘quv yilida akademik qarzdor talabalarga bir marta qayta topshirishga ruxsat beriladi. Bunda qayta imtihon topshirish istagini bildirgan talabalarga 10-avgustdan boshlab tegishli fanlardan imtihonlar tashkil etiladi, grafiklar alohida e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, qayta o‘qish istagida bo‘lgan talabalar 25-avgustga qadar tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlariga mos ravishda belgilangan miqdorda to‘lovni amalga oshirganidan so‘ng fanlarni qayta o‘qishlari mumkin. Shuningdek, talabalarga istisno tariqasida 2023-yil 15-sentabrga qadar akademik qarzdor bo‘lgan fanidan mustaqil bilimini oshirib, so‘ng to‘lovlarsiz qayta imtihon topshirishga ruxsat beriladi.
Qayta imtihonlar natijasi yuzasidan appelyatsiya komissiyasiga murojaat etish mumkin.
Qayta toshirish imtihonlaridan o‘ta olmagan talabalar belgilangan tartibda GPA (Grade Point Average – ta’lim oluvchining dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballari o‘rtacha qiymati) ko‘rsatkichlari asosida kursdan-kursga qoldiriladi. Bunda talabalarni kursdan-kursga o‘tkazishda GPA ko‘rsatkichi 2022/2023-o‘quv yili uchun va undan keyin 2,4 ball etib belgilandi.
Qayta imtihonlarni tashkil etish, natijalarni e’lon qilish hamda apellyatsiya jarayonlarini tashkil etish tegishliligi bo‘yicha institutlar dekanatlari va fakultetlar dekanlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda, qayta imtihonlar tegishli fakultet va dekanatlar tomonidan yetakchi oliygohlardan jalb etilgan xolis ekspertlar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida amalga oshiriladi.
Istisno tariqasida 2022/2023-o‘quv yilida akademik qarzdor bo‘lgan talabalarning qayta o‘qish uchun to‘lagan to‘lovlari arizaga muvofiq, keyingi o‘quv yili kontrakt summasiga qo‘shiladi yoki qayta topshirishdan keyin o‘zlashtira olmagan fan kreditlariga mos ravishda hisoblanadi. Davlat granti asosida o‘qiydigan hamda o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirayotgan talabaning qarzdor fanlariga qayta o‘qish uchun to‘langan to‘lovi talabalar safidan chiqarilganda yoki universitetni tamomlaganda tegishli tartibda hisob-kitob qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand davlat universitetida yuzaga kelgan holat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan shaxsan nazoratga olingan.
Talabalarning e’tiroz va shikoyatlari vazirlikning 1006 ishonch telefoni orqali qabul qilinadi.