“Zamonaviy o’zbek she’riyatida Omon Matjon ijodining o’rni”…
Samarqand davlat universitetida O’zbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan “Zamonaviy o’zbek she’riyatida Omon Matjon ijodining o’rni” nomli anjuman o’tkazildi.
Konferensiyada Senator Farmon Toshov, taniqli ijodkor, shoir Salim Ashur, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, shoira Xosiyat Bobomurodova, yozuvchilar uyushmasi vakillari Toshpo’lat Tugalov, Shodi Otamurodov hamda Omon Matjonning farzandlari ma’ruzalari bilan ishtirok etib, ijodkor va uning faoliyati haqida so’zlab berdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Rustam Yo’ldoshev kirish so’z bilan ochdi.
- Samarqand davlat universitetining bitiruvchisi Omon Matjon bilan doim faxrlanganmiz, - deydi SamDU filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev. - Ijodkor talabalik yillarida adabiyot ixlosmandlarini yig’ib “Shalola” to’garagiga asos soldi. Mashhur ijodkorlarni yetishtirib bergan ushbu to’garak bugungi kungacha samarali faoliyat ko’rsatmoqda… Omon Matjon o’zining badiiy yuksak she’r va dostonlari, dramatik asarlarida Ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg’usini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi va hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o’rin egalladi…
- Omon Matjon she’riyati mavzular ko’lamidan ham, obrazlar turfaligidan ham boshqa shoirlar ijodidan ajralib turadi, - deydi SamDU dotsenti Dilshod Xursanov. - Shoir she’riyatida o’ziga xos ritm mavjud. Uning asarlarida xalq og’zaki ijodi, mumtoz an’analar, zamonaviy she’riyatdagi metaforalar qorishiq holatda uchraydi. Bunda poetik mushohada asosiy maqsadga qaratiladi. Barcha yordamchi g’oyalar bosh g’oya atrofida birlashadi. Har bir misrada jilolanayotgan fikrlar oqimi yakuniy xulosada kutilmagan yechim hosil qiladi. Falsafiy teran mushohada kitobxonni lirik qahramon bilan birlashtiradi. Asta sekinlik bilan o’quvchi lirik qahramon ko’zi bilan olamga qaray boshlaydi. U kabi fikrlaydi, u kabi zahmat chekadi, dardu-iztiroblarni, quvonchu-shodliklarni birga-birga tortadi...
Tadbir so’ngida SamDU filologiya fakultetining “Shalola” to’garagi ijodkorlari hamda viloyat “Xor” ansanbli xonandalari o’zlarining she’r va qo’shiqlari bilan ishtirokchilarga kayfiyat ulashdi.