Samarqand davlat universitetiga AQSHning The Stirling Foundation tashkiloti vakillari tashrif buyurdi
Mehmonlar bilan Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lot Rajabov muloqot qildi.
AQSHning Yuta shtatidan tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari O‘zbekiston tabiiy o‘simliklar qoplami va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va bu sohada ilmiy-amaliy loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari bo‘yicha muhokamalar olib borishdi.
AQSHda yaylov ekotizimlarini boshqarish va qayta tiklash bo‘yicha katta tajriba mavjudligini inobatga olib, Toshpo‘lot Rajabov va SamDU botanika kafedrasi dotsenti Akbar Axmedovlar tomonidan O‘zbekiston yaylovlari, ularning mintaqadagi ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati, yaylovlarni muhofaza qilishning dolzarb maslalariga qaratilgan maʼruzalar qilindi. Shuninigdek, delegatsiya aʼzolariga SamDUning Yuta davlat universiteti va Nevada universiteti bilan o‘rnatilgan mustahkam aloqalar va bugungi kunda olib borilayotgan amaliy ishlar xususida ham batafsil maʼlumotlar berildi.
Delegatsiya aʼzolari tomonidan O‘zbekiston va AQSH yaylovlari o‘simliklar qoplamining biri-biriga o‘xshashlik tomonlari, iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylovlardan foydalanish jarayonida vujudga kelgan muammolar va ularni hal etishda imkoniyatlarning mavjudligi eʼtirof etildi.
Uchrashuv so’ngida AQSH delegatsiyasi aʼzolari tomonidan The Stirling Foundation tashkiloti va SamDU bilan yaylovlarni o‘rganish va ularni muhofaza qilish yo‘nalishida mustahkam aloqlar o‘rnatishga kelishildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.