Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati
Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosiga bag‘ishlangan “Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda Turkiya, Misr, Ozarbayjon, Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston Afg‘oniston kabi davlatlar va respublika oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlaridan 80 ga yaqin olimlar ishtirok etdi. Tadbirda qatnashchilar havola etgan ilmiy tadqiqotlar asosida Zahiriddin Muhammad Bobur adabiy merosining jahon adabiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida ilmiy-nazariy xulosalar muhokama qilindi.
Jumladan, “Boburnoma” nashrlari, Boburning yangi topilgan “Taqti’” risolasi , Boburshoh va boburiylar davrini aks ettirgan turk adiblarining tazkiralari, Zahiriddin Muhammad Boburning geografik merosi xususida qator ilmiy-nazariy maqolalar ilm-fanga taqdim etildi.
Yalpi majlisdan so‘ng, konferensiya o‘z ishini “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davri adabiyoti”, “Boburnoma”ning jahoniy o‘rni va shuhrati”, “Zahiriddin Muhammad Bobur: til, uslub va tarjima”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va zamonaviy adabiyot”, “Zahiriddin Muhammad Boburning tarix, etnografiya, davlatchilik va huquq masalalariga doir qarashlari”, “Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davrida geografiya, ekologiya, ta’lim va tarbiya” kabi sho‘balarda davom ettirdi.
Zahiriddin Muhammad Bobur bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Uning birgina “Boburnoma” asari haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik durdonalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosibdir.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.