Samarqand davlat universiteti organik sintez va bioorganik kimyo kafedrasi mudiri Davlat To‘xtayev hamda dotsent Alisher Yusupovlar “Synthesis and characterization of new nanoparticles by green synthesis using Lycium depressum extract” mavzusida tadqiqot olib borish uchun Turkiyaning Afyon Kocatepe universitetida bo‘lib turibdi. 

Lohiya doirasida SamDU dan sintez qilingan yangi turdagi kimyoviy preparatlarning biologik faolligi, sitotoksik xususiyatlari AKU da tadqiq etiladi.

Shuningdek, Afyon Kocatepe universitetida 3-4-yun kunlari o‘tkazilgan “Kimyo kunlari” xalqaro anjumanda Davlat To‘xtayev “O‘zbekistonda kimyo sektori va ta’limi” mavzusidagi ma’ruza bilan qatnashdi. O‘zbekistonda kimyo sohasida erishilayotgan yutuqlar, kimyo sanoatining rivoji va hozirgi holati haqida, shuningdek, kimyo fanini o‘qitish bo‘yicha SamDU tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Ma'lumot uchun, AKU professori Ibrohim Erol va kimyo bo‘limi boshlig‘i professor Umar Hazmanlar ayni vaqtda SamDU ning ham xorijiy professorlari sifatida samarali mehnat qilib kelishmoqda. SamDU ning bir qator ilmiy tadqiqotchilari, xususan G‘ofur Hamidov hamda bir qator magistrantlar hamda ilmiy izlanuvchilarning tadqiqot ishlariga rahbarlik qilib kelmoqda. SamDU hamda AKU o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga hissa qo‘shib kelayotganligi hamda ilmiy faoliyatdagi yutuqlarini inobatga olib professorlar Ibrohim Erol hamda Umar Hazmanlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.