Samarqand davlat universitetida Yaponiyaning Tottori universiteti vakolatxonasi ochildi…
2023-yil 15-16 fevral kunlari Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov Yaponiyaning Tottori universiteti prezidenti, professor Hiromtsu Nakajima bilan uzoq muddatli strategik hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Samarqand davlat universitetida Tottori universiteti vakolatxonasi ochilishi belgilangandi.
Bugun Samarqand davlat universitetida Tottori universiteti vakolatxonasi tantanali ochildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov, AQSH ning Texas universiteti Nanotexnologiyalar instituti direktori o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov, Tottori universiteti Qurg‘oqchil mintaqalarda taʼlim va tadqiqotlar xalqaro markazi direktori o‘rinbosari Atsushi Tsunekava, Tottori universiteti qishloq xo‘jaligi fakulteti dekani, professor Kinya Akashi va Toshihiko Kinugasa hamda Yaponiyaning SATREPS loyihasi aʼzosi professor Kristina Toderichlar ishtirok etdi.
ZOOM platformasi orqali Tottori universiteti prezidenti, professor Hiromtsu Nakajima, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hatori Takashi, O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov, JICA-O‘zbekiston ofisi rahbari Bito Yoshibumilar qatnashdi.
Ushbu vakolatxonaning asosiy vazifasi Tottori universiteti olimlari tomonidan qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi innovatsion ishlanmalar va bilimlarni O‘zbekistonga transfer qilish, sinovdan o‘tkazish hamda amaliyotga keng joriy qilishga qaratilgan.
Tottori universitetining SamDUdagi vakolatxonasi O‘zbekistonning 50 foizdan ortiq qismini egallagan qurg‘oqchil mintaqalardan samarali foydalanish, ushbu hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalarni joriy qiladi.
Ushbu vakolatxona oldiga qo‘yilgan maqsad-vazifalarni amalga oshirishda Tottori universiteti tarkibidagi Qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi va uning yetakchi olimlari bevosita ishtirok etadi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur xalqaro markaz qurg‘oqchil mintaqalardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish, xususan, sho‘rlangan va suv taqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha dunyo darajasida eʼtirof etilgan Yaponiyadagi yagona markaz hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur vakolatxona nafaqat agrar yo‘nalishda, balki muhandislik, axborot texnologiyalari sohalarida ham o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirish va bu boradagi yangi bilimlarni mamlakatimizga transfer qilishni rejalashtirmoqda.
Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan mazkur nufuzli vakolatxona nafaqat Tottori va Samarqand davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi, balki Yaponiyaning boshqa nufuzli universitetlari bilan ham o‘zaro aloqa o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Muloqot davomida mutassadilar vakolatxona faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘zining fikr va takliflarini ilgari surdi, asosiy vazifalar belgilab olindi.
Suv tejovchi zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, chang-to‘zonlarni oldini olish, molekulyar genetika yutuqlari asosida qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli yangi navlarni yaratish bo‘yicha tadqiqotlarni olib borishga kelishildi.
Agrar, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologiya sohalarida magistratura hamda doktorantura bosqichlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash rejalashtirildi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Vakolatxona rahbari sifatida professor Kristina Toderich tayinlandi.
Maʼlumot uchun, Tottori universiteti hamkorligida Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida zamonaviy issiqxona qurilgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.