Samarqand davlat universiteti o’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori, professor Ahmadjon Soliyev bitiruvchi kurs talabalariga diplomlar topshirdi va muvaffaqiyat tiladi.

    - Men SamDU matematika fakultetini tamomladim, - deydi bitiruvchi Bobomurod Abdurahmonov. – Samarqand davlat universitetida o’qiganimdan faxrlanaman. O’qish davomida bir qator yutuqlarga erishdim. Ulug‘bek nomli davlat va matematiklar uchun mo‘ljallangan akademik Sarimsoqov nomidagi stipendiya sohibi bo’ldim. Matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada kumush va bronza medallarini qo’lga kiritdim.  Chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro IELTS 6.5 (B2) sertifikatiga egaman.  20 ga yaqin maqolam xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida nashr etildi. Muddatidan oldin AQSH ning Kent davlat universiteti magistraturasiga grant asosida tavsiya etildim.    Mazkur oliy taʼlim muassasasi matematika yo‘nalishi bo‘yicha Top-133 o‘rinni egallagan. Ushbu yutuqlarimga erishishimda SamDU olimlarining hissasi katta. Ayniqsa, ilmiy rahbarim dotsent G’ofurjon Hasanovga minnatdorlik bildiraman.

    - Samarqand davlat universiteti men va oilam uchun qadrli, - deydi yuridik fakulteti bitiruvchisi Sayidmuhammad Ibodullayev. -  SamDU da o’qishimiz, izlanishimiz uchun bir qator imkoniyatlar yaratib berildi. O’qish mobaynida Prezident va Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo’ldim. “Yil talabasi” respublika ko’rik tanlovida faxrli ikkinchi o’rinni egalladim. “Eng yaxshi saylov jarayoni bilimdoni” respublika ko’rik tanlovi g’olibiman. 30 maqolam xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida nashr etilgan. Chet tilini bilish darajasi bo’yicha xalqaro IELTS 7.0 (C1) sertifikatini qo’lga kiritdim. Menga ta’lim bergan barcha ustozlarimga rahmat. Ayniqsa, ilmiy rahbarim maxsus huquqiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Davlat Qurbonovdan minnatdorman.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.