Samarqand davlat universiteti Polshaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qiladi….
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Akmal Axatov Varshava va Krakov shaharlarida o’tkazilgan “Polsha va O‘zbekiston akademik davra suhbati” xalqaro forumida ishtirok etdi.
Nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakillari, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Polsha Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari, “Perspektywy” jamg‘armasi, CRASP rektorlari konferensiyasi, Polsha oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.
Akmal Axatov mazkur xalqaro forumda “Samarqand davlat universitetining 2023-yildagi yutuqlari” mavzusidagi ma’ruza va taqdimoti bilan qatnashdi.
Forumning birinchi kunida Lublin texnologiya va WSG universitetlari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi. Unga ko’ra kvant fizikasi, telekomunnikatsiyaning zamonaviy vositalarini yaratish, fotonika, ijtimoiy-gumanitar kabi sohalarida hamkorlik qilish belgilangan.
Shuningdek, Lublindagi Mariya Kyuri-Sklodovska universiteti bilan geografiya va mineralogiya sohalarida aloqalar o’rnatishga kelishildi.
Forumning ikkinchi kuni Krakov shahrida o’tkazildi. Unda Geologiya va metallurgiya akademiyasi, Yagellon, Moliya va iqtisod, Agrar xo‘jalik universitetlari bilan qator kelishuvlarga erishildi.
Geologiya va metallurgiya akademiyasi universiteti bilan zamonaviy laboratoriya tashkil etish, SamDU dagi geologiya muzeyini yanada yaxshilash bo’yicha hamkorlik qilinadigan bo’ldi.
Agrar xo‘jalik universiteti bilan iqlim o’zgarishi sharoitlarida yer hosildorliklarini oshirish bo’yicha Yevropa va Butunjahon taraqqiyot banklaridan mablag’ olib hamkorlik qilish rejalashtirildi.
Yagellon universiteti bilan Erasmus dasturi bo’yicha shartnoma imzolandi. Unga ko’ra yiliga 5 nafar o’qituvchi va talabalar almashinuvi Erasmus fondi orqali moliyalashtiriladi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.