Bunga qanday erishildi?..

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida universitetni transformatsiya qilish va kompleks rivojlantirish dasturini amalga oshirish hamda 2026-yilga qadar xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatga kiritish vazifasi qo‘yilgan bo‘lib, shu maqsadda Transformatsiya ofisi tashkil etilgan. Ofis xodimlari xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar, xususan, Quacquarelli Symonds (QS), Times Нigher Education kabi reyting agetliklari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ana shunday hamkorliklar natijasida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzni qo‘lga kiritdi va dunyodagi eng yuqori baholangan universitetlar qatoriga qo‘shildi.

QS Stars tizimi oliy ta’lim muassasalarini global miqyosida baholovchi dunyoning 3 ta eng yirik reyting agentliklaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Quacquarelli Symonds (QS) xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam berish maqsadida tashkil etilgan.

QS Stars universitetlarni quyidagi 13 kategoriyadan kamida 8 toifadagi faoliyatiga qarab birdan beshgacha yulduzlar reytingi bilan baholaydi. Bular: ta’lim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashtirish, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn ta’lim, innovatsiyalar, san’at va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga ta’sir va tanlangan mutaxassislik mezonlari.

QS Starsni ta’lim sohasida o‘ziga xos audit deyish mumkin. Xalqaro reytinglarda bo‘lgani kabi muassasalarni bir-biriga solishtirish o‘rniga, universitetlar talabalar va hamkorlar uchun muhim bo‘lgan sohalarda qanday faloiyat olib borayotganliklariga qarab baholanadi. Bunda reytinglardan ko‘ra kengroq ma’lumotlardan foydalangan holda baholangandan so‘ng, universitetlarga umumiy QS Stars yulduzi reytingi va har bir toifaga alohida reyting beriladi. Bu shuni anglatadiki, har bir muassasa eng yuqori QS Stars reytingiga erishish potensialiga ega va an’anaviy ko‘rsatkichlardan tashqari har bir oliy ta’lim muassasasasining kuchli tomonlarini alohida ta’kidlaydi.

Reyting tizimining asosiy maqsadi bo‘lajak talabalarga universitet tanlashda foydalanish uchun qo‘shimcha vosita berish, alohida muassasalar haqida chuqurroq ma’lumot berishga qaratilgan.

Baholash uchun ma’lumotlar asosan quyidagi manbalardan olinadi: ish beruvchilar, talabalar va bitiruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar, universitet tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar (bunda taqdim etilayotgan ma’lumotlar imkon darajasida ochiq manbalardan tasdiqlash imkoni bo‘lishi lozim), Scopus ilmmetrik bazasi.

QS kompaniyasi Samarqand davlat universitetida auditni 2023 yil 1 noyabrda boshladi va natijalar 2024 yil 13 mayda e’lon qilindi. 8 faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar chuqur tahlil qilindi. Unga ko‘ra Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib QS Stars reytingida 5 yulduzni qo‘lga kiritdi va dunyodagi eng yuqori baholangan universitetlar qatoriga qo‘shildi. Universitet ishtirok etgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal 1000 baldan 780 ball to‘pladi (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun to‘plash lozim bo‘lgan minimal ko‘rsatkich 700 ball).

Agar universitet ko‘rsatkichlarini har bir faoliyat sohalari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, deyarli barcha jabhalarda universitetimiz 5 yulduzli deb e’tirof etilganligini ko‘rishimiz mumkin.

Ta’lim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ta ko‘rsatkichning 3 tasi, jumladan, talabalarning ta’lim sifatidan qoniqish darajasi, talabalarning universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning ta’limni keyingi boqichlarida davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ballni qo‘lga kiritgan. 

Ikkinchi muhim ko‘rsatkich bitiruvchilarning ishga joylashishi bo‘lib, ularning ishga tayyorlik darajasi - ko‘p madaniyatli jamoada samarali ishlash, taqdimotlar o‘tkazish, odamlar va loyihalarni boshqarish qobiliyatiga bog‘liq. Bu yerda universitetning ish beruvchilar orasidagi obro‘si, bitiruvchilarning bandlik darajasi va bitiruvchilar karьyerasini qo‘llab-quvvatlash xizmatining faoliyati ko‘rib chiqiladi. Bu borada ham universitetimiz 3 ta ko‘rsatkichdan 2 tasida 100 foizlik natija ko‘rsatib, 5 yulduzli maqomga erishgan.

Keyingi yillarda SamDU haqiqiy ma’noda bunyodkorlik maydoniga aylandi deyishimiz mumkin. Universitetda bir nechta yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari tashkil etildi. Birgina Biokimyo institutida yangidan qad ko‘targan ma’ruzalar zali, oranjeriya, vivariy hamda molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi tashkil etilganligi, ayrim laboratoriya jihozlari nafaqat O‘zbekistonda balki Markaziy Osiyoda mavjud emasligini ta’kidlashimiz lozim. Bu esa QS reyting agetligi tomonidan ham e’tirof etildi Universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi bo‘yicha ham 5 yulduz bilan baholandi.

Tanlangan ta’lim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika ta’lim yo‘nalishi tanlangan edi. 2022 yil Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti negizida Muhandislik fizikasi instituti ochildi. Institutda 6 kafedra bo‘lib, ilmiy salohiyat 74 foizni tashkil qiladi. Mazkur kafedralarda 1 akademik, 17 fan doktorlari, professorlar, 35 nafar fan nomzodlari, dotsentlar hamda 16 nafar katta o‘qituvchi, assistentlar va shu bilan birgalikda 10 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Ular tomonidan 22 o‘quv va 5 ilmiy laboratoriyalar: materialshunoslik; molekulyar spektroskopiya; molekulyar lyuminessensiya; kvant elektronika va nochiziqli optika ilmiy laboratoriyalarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirish uchun har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi, talabalarning 94,1 foizi ta’lim sifatidan mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritildi.

Reytingdagi yana bir muhim ko‘rsatkichlardan biri bu ijtimoiy mas’uliyatdir. SamDU talabalarining 79 foizi samarqandlik ekanligi hududiy inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari SamDU tashabbusi bilan Nurobod va Qo‘shrabod tumanlarida 17 gektar bog‘ barpo etildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, QS Stars ryeyting tizimi universitetlarga xorijlik talabalarni muayyan ustuvor fan yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etishga yordam beradi. Reytinglarga asoslanib, talabalar o‘z orzularini amalga oshirish uchun to‘g‘ri qaror qabul qilishlari mumkin. Chunki universitet reytingi uning turli miqdoriy va sifat ko‘rinishlarining to‘liq tasvirini taqdim etadi. www.topuniversities.com portaliga minglab abituriyentlar va ota-onalar o‘z qarorlari va kelajakdagi rejalarini portalda mavjud ma’lumotlar asosida qayta muhokama qilish uchun tashrif buyurishadi.

QS Stars 5 yulduzli reytingga ega universitetlar ma’lumotlarini ko‘rsatish orqali talabalarni ishga qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Universitetdagi ta’lim sifatini QS kabi xalqaro miqyosda ishonchli tashkilot tomonidan tasdiqlanishi o‘z brendini yaratishni rivojlantirish va bozor ehtiyojlariga mos keladigan akademik dasturlarni taklif qilish imkonini beradi. Bitiruvchilarning sifatini yaxshilashga yordam beradi va ularni ishga tayyor mutaxassislarga aylantiradi.

Xalqaro ta’lim tashkilotlari, jahon oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorligimiz mustahkamlanadi, tezlashadi va yangi bosqichga ko‘tariladi.

 

Bekzod Fayziyev,

Samarqand davlat universiteti

Tranformatsiya ofisi bosh mutaxassisi, dotsent.