Ufq ham qizarib, gulgun tong otdi,
Quyosh shitob bilan kelmoqda qaytib.
Oqshom o‘tganini vaqt ham unutdi,
Nur kezar atrofda qo‘shiqlar aytib.
 
Kengliklar yastangan mas’um, xokisor,
Oshiqar ziyoga tutib ko‘ksini.
Borliq turfalanib bormoqda oshkor,
Osmon shabnamlarda ko‘rar aksini.
 
Gullar topgan kabi o‘z makonini,
Kulgichi barq urar yanoqlarida.
Boshiga ko‘tarib qushlar inini,
Polapon ovozi yangrar barida...
 
Yeru ko‘k oralab goho zavq toshar,
Goho shavq tizginin eplolmay halak.
Jilg‘alar toshlarga urilib shoshar,
To‘sh urib yelpinar unga sinchalak.
 
Ana g‘o‘zalarning bo‘yi cho‘zilib,
Ko‘k sari intilib yozmoqda qanot.
Quchog‘ida mitti gulchalar ilib,
Egatlar ichida kezadi hayot.
 
Boshoqlar to‘lishgan – ta’zimda bug‘doy,
Iliq taft bag‘rida ulg‘ayar rizq-ro‘z.
Bu kunga yetguncha dehqon – hotamtoy,
Qancha zahmat chekdi kechayu kunduz…
 
Choshlanar bu yerda hademay xirmon,
Mehnatu mashaqqat aylar sarhisob.
Insonga berilgan bu ulug‘ imkon,
Umr kitobini bezar bobma-bob.
 
Kenglikka tikilib boqar binolar,
Boshlari go‘yoki ko‘kka yetgudek.
Sudralgan bulutlar to‘xtab sin solar,
Yuzidan bo‘salar olib ketgudek...
 
Shu’lalar toshadi qilgancha jilva,
Dunyo go‘zalligi tomchida ayon.
Hayajon ulashib hapriqqan dilga,
Yetaklab boradi ezgulik tomon.
 
O‘zlikni o‘ylagan vijdonlar uyg‘oq,
Qaddini ko‘tarib borar nomus-or.
Yurt esa oboddir, el-ulus quvnoq,
Intilmoq davridir, boshqasi bekor!
 
Ammo chekinmoq yo‘q, chekinmoq nadir,
Chumchuqdan qo‘rqqanlar tariq ekarmi?
Shijoat baxsh etsa qanoat, sabr,
Asli sher bo‘lganlar bo‘yin egarmi?!
 
Qiyoski, ota bor uyda farog‘at,
Egali har yerning bahori bordir.
Bu yurtga jon tikkan fidolar faqat,
Ertani nurafshon etmoqqa qodir!
 
Bir lahza tin bilmas, olg‘a intilar,
Dovondan dovonga tikkancha ko‘zni.
Yorug‘ kun kelishin chin qalbdan bilar,
Axir shu maqsadga chog‘lagan o‘zni.
 
Gʻalvali dunyoda ko‘p erur o‘yin,
Osonmas asramoq Vatanni axir.
Girdoblar ichida bo‘lsa-da qiyin,
Ul oqil elparvar g‘olib baribir...
 
Hurlikdan halovat topgan bu yurak,
Borar umidlarni asrab-avaylab.
U xalqning ichida girdikapalak,
Yurar yurt ishqini qalblarga joylab.
 
Mehru muhabbatdan jo‘shar begumon,
Goh matonat, goho sabot bo‘lar u.
Yuksak parvozlarga undab har zamon,
Navqiron avlodga qanot bo‘lar u.
 
Oldinga talpinar tolmas shijoat,
Erta-kech millatning g‘amin yeydi u.
Odamlar shod bo‘lsa, topadi rohat,
Mudom xalq dardini dardim, deydi u.
 
Shonli karvonlarning sarboni yanglig‘,
Toliqmas, horimas, yo‘l tortar ravon.
Oydin niyatlarning davroni yanglig‘,
Elni boshlab borar hur manzil tomon.
 
Umid chechak otgay har dil qa’rida,
Ko‘zlarda quvonchning otashi yongay.
Eldoshin ko‘tarib yelkalarida,  
Oqillar hamisha xalqqa suyangay.
 
Tonglarni uyg‘otar ezgu xushxabar,
Odamlar ko‘ngliga joylar so‘zini.
Jonin nisor etgan ul zot moʻtabar,
Baxshida aylamish elga o‘zini.
 
Bugun ilmu irfon bog‘i ko‘rk ochgan,
Tan oladi hatto bu jahon ahli.
Xalqning xizmatiga yugurgan, shoshgan,
Ul elparvar inson sharafga haqli.
 
Tashabbus, g‘oyalar dilda jamuljam,
Bobolar ruhini shod etgay har kun.
Bunchalar betakror kuch-g‘ayrat, chidam,
Borlig‘in bag‘ishlab ishlaydi butun.
 
Xalqning qudrati ham unga zo‘r tayanch,
Bunyodkor shashtiga yo‘qdir hech qiyos.
Uning zakovati bebaho bir ganj,
Bu ko‘hna olamda buyukligi rost.
 
Niyatim shul mening, orzu, ahdim but,
Mudom yashna yurtim, mudom ko‘rkli bo‘l.
Eldoshim, sen uning qo‘llaridan tut,
Toki muqaddas va sharafli bu yo‘l!
 
Toki xotirjamlik ne’mat atalsa,
Toki qadrlasa uni dun, bashar.
Tillardan umrbod tinchlik taralsa,
Bu Vatan yana ming, million yil yashar.
 
Dillarga ziyoli damni naqsh etgan,
Uni aziz bilmoq shavkatdir, shondir.
Bizga shunday baxtli tole baxsh etgan,
Jonajon shu zamin — O‘zbekistondir!

O‘tkir Rahmat