Samarqand davlat universitetida Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda xalqaro yozgi maktab tashkil etildi...
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida joriy yilning 9-15 sentyabr kunlari Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Mixael Zukkov fondi bilan hamkorlikda “Yerdan barqaror foydalanish va tabiatni muhofaza qilish uchun innovatsiyalar” xalqaro yozgi maktabi tashkil etildi.
Yozgi maktab ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan jami 25 nafar yosh olimlar, mutaxassis va talabalar ishtirok etdi. Ularga Germaniyaning Rostok universiteti Geodeziya va geoinformatika kafedrasi professorlari Görres Grenzdörffer va Alexander Steiger lar o‘quv mashg‘ulotlarini olib bordi.
Bir hafta davom etgan mazkur xalqaro tadbirda qishloq xo‘jaligi va tabiatni muhofaza qilish sohalarida zamonaviy geografik axborot tizimlari va masofaviy zondlash usullarining qo‘llanilishi, xalqaro maʼlumotlar bazalaridan foydalanish va undagi materiallarni tahlil qilishning yangi yondashuvlari ishtirokchilarga o‘rgatildi.
Olingan nazariy bilimlarni mustahkamlash va ishlab chiqarish jarayonlarida tatbiq etish maqsadida dala sharoitida ham amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ushbu yozgi maktab ishida SamDU talabalari va magistrlari ham faol ishtirok etdi.
Yozgi maktab yakunida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar topshirildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.