Samarqand davlat universitetida xalqaro akademiklar forumi o’tkazildi…
Samarqand davlat universitetida “Yashil energiyaning barqaror rivojlanishini jadallashtirish, oliy ta’limning globallashuviga ko‘maklashish” mavzusida xalqaro akademiklar forumi bo’lib o’tdi.
Samarqandda ilk bor o’tkazilayotgan nufuzli anjuman Samarqand davlat universiteti va Xitoyning Sian Jiatong universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Xalqaro forumni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’zi bilan ochdi.
Nufuzli forum bo’yicha Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining o'rinbosari Otabek Makhkamov, Energetika vazirining o'rinbosari Umid Mamadaminov, Raqamli texnologiyalar vazirining o’rinbosari Olimjon Umarovlar o’zining fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Forumning maqsadi ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali iqlim o‘zgarishi, aholining tez o‘sishi va qashshoqlik bilan kurashish kabi dolzarb muammolarga yechim topishdir.
Tadbir ishtirokchilari, yashil energiyadan samarali foydalanish, ta'lim va fan sohasida kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.
Mazkur forumda o’ndan ortiq, fizik, matematik, biolog olimlar va nufuzli akademiklar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Xitoyning Sian Jiaotong universiteti prezidenti, akademik Chjan Liqun, Sian transport universiteti elektronika va axborot muhandisligi fakulteti dekani, akademik Guan Xiaohun, Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Fanlar Akademiyasi akademigi, Xalqaro kosmonavtika akademiyasining akademigi Asilbek Aydarliyev, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasining xorijiy a'zosi Kanatbek Aziz, Qozog‘iston Milliy universiteti Al-Farobi nomidagi tomir patologiyasi instituti direktori, professor Orabay Darmenov, O’zRFA akademiklari Qodir G’ulomov, Muhsinjon Ashurov, Qahramon Allaev, Sadriddin Turobjonov, Saidahmad Laqaevlar shular jumlasidandir.
Akademiklar forumi Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikning rivojida muhim bosqich bo‘lib, tadqiqotlar va innovatsion yechimlar uchun yangi qadam bo’ldi.
Forumning markazida yashil energiya rivoji, ekologik barqarorlik, global va mintaqaviy muammolarga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish kabi masalalar o’rin olgan. Anjumanda akademiklar nazariy konseptlarni muhokama qilish bilan birga qurg‘oqchilik, iqlim o‘zgarishi va mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiyasi kabi dolzarb muammolarni hal qilish uchun amaliy yechimlarni muhokama qildilar.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.