Jahonning eng mashhur astrofizik olimi Samarqand davlat universitetida
Samarqand davlat universitetida Yangi O‘zbekiston universiteti bilan hamkorlikda italiyalik olim, hisoblash fizikasining dunyoga mashhur arbobi va qora tuynuklarning birinchi tasvirlarini yaratuvchilaridan Lusiano Rezzollaning ochiq maʼruzasi tashkil etildi.
Lusiano Rezzolla koinotning sirli oynasi - qora tuynukning birinchi surati bo‘yicha o‘z izlanishlarini taqdimot qildi.
Maʼlumot uchun, professor Lusiano Rezzolla Germaniyaning Gyote universitetida nazariy fizika kafedrasi mudiri. Uning “Hirsh indeksi” 104 ga teng.
Bobomurod Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik:
- Yulduzlar odamzodga o‘xshab tug‘iladi, yashaydi, so‘nadi. Maboda juda og‘ir yulduz bo‘lsa oxirgi evolutsiya natijasida qora tuynukka aylanadi. Qoratuynuk astronom olimlarning diqqat markazida bo‘lib, u haqidagi ilk natija 1916 yilda olingan. 2017 yilda ilk bor maxsus radioteleskop orqali qoratuynuklar suratga olindi. Natijalar 2 yil davomida tahlil qilinib, o‘ta massiv qoratuynukning ilk surati eʼlon qilindi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay koinotda “O‘q otar ” yuluzduzchaning ham surati olindi. Ikkita obyektni ham suratga olishda professor Lusiano Rezzollaning xizmatlari juda katta. Ushbu ilmiy tadqiqotlar natijasida Yevropadagi eng katta ilmiy grant qo‘lga kiritildi. Mazkur grantda uchta yetakchi guruh ishlamoqda. Lusiano Rezzollaning O‘zbekistonga, Samarqandga kelishi bu tarixiy voqea. Shuni yana alohida taʼlidlash lozimki, astrofizik olim so‘nggi 30 yil ichida bir qator o‘zbekistonlik tadqiqotchilar bilan ishlab kelmoqda. Shulardan biri, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi Farrux Fattoyev. U ayni vaqtda AQSH ning Monhetton universiteti professori… Bu kabi maʼruzalarning tashkil etilishi astronomiya va fizika sohasidagi olimlar uchun muhim.
Lusiano Rezzolla, Gyote universiteti professori:
- O‘zbekistonga kelganimdan xursandman. Ayniqsa buyuk olim Mirzo Ulug‘bekning yurtida ekanligim menga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Bugun Samarqand davlat universitetida qora tuynuklar bo‘yicha maʼruza qildim. Taqdimotim yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning savollariga javob berdim. SamDU olimlarining qora tuynuklar bo‘yicha qilgan tadqiqotlari men uchun ham qiziq. Bir qator o‘zbekistonlik tadqiqotchilar bilan ishlaganman. Ular menda yaxshi taassurot qoldirgan. Agar menda yana o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilar bilan ishlash imkoni bo‘lsa, albatta foydalanaman. O‘zbekistonda doimiy maʼruzalar o‘tishni rejalashtirmoqchiman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.