“Navro‘z – bu tiriklik, tabiat va inson uyg‘onishi, yangi orzular va yangi umidlar bayramidir…”

Samarqand shahridagi Alisher Navoiy markaziy istirohat bog‘ida Navro‘z bayrami katta tantana bilan nishonlandi. Bayram sayllari milliy an’analarga mos ravishda uyushtirilib, universitet jamoasi va mehmonlarga unutilmas taassurot qoldirdi. Tadbirda milliy kuy-qo‘shiqlar, betakror raqslar, suratlar ko’rgazmasi, sport musobaqalari, o‘zbekona taomlar va milliy liboslar namoyishi o‘tkazildi. Xorijlik mehmonlar ham bayram muhitidan zavq olib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Navro‘z tantanalarida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov hamda Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov ishtirok etishdi. Mehmonlar SamDU professor-o’qituvchilari, talabalar bilan bilan suhbatlashib, ularni Navro‘z bayrami bilan tabriklashdi. Bayramga tayyorgarlik ko‘rgan jamoalarning chiqishlarini yuqori baholashdi.
Bayram sayli doirasida Milliy gvardiya chavandozlari va harbiy orkestr jamoasi ishtirok etdi. Ularning bayramona yurishi, kuy-qo‘shiqlari va saf tortib yurishi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. SamDU ning institut va fakultet jamoalari o‘ziga xos uslubda bayramga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lib, milliy an’analarni o‘zida aks ettiruvchi o‘tovlar tikishdi, dasturxonlarga sumalak, halim, ko‘k somsa va turli shirinliklar tortishdi.
Shuningdek, sport tadbirlari ham Navro‘z bayramining ajralmas qismi bo‘ldi. Universitet sportchilari kurash tushishdi, arqon tortish, shaxmat-shashka, voleybol, stol tennisi va qo‘l kurashi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Bayram ishtirokchilari ushbu sport tadbirlarida faol ishtirok etib, o‘z mahoratlarini namoyon qilishdi.
Navro‘z – xalqimizning eng aziz bayramlaridan biri bo‘lib, u insonlarga ezgulik, mehr-muruvvat va birdamlik ulashadi, - deydi SamDU yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Subxon Abbosov. - Samarqand davlat universitetida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami barcha ishtirokchilar uchun quvonchli damlar, unutilmas xotiralar tuhfa etdi. Tadbir davomida milliy urf-odat va an’analarimizning naqadar muhim ekani yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bayram universitet jamoasi va mehmonlar uchun haqiqiy madaniy hamda ma’naviy tantana bo‘lib qoldi. Ob-havo ham bayramni yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qildi. Barcha ishtirokchilar bayramdan mamnun bo‘ldilar. Mazkur bayram tadbiri xalqimizning qadimiy qadriyatlari, ezgulik va do‘stlik g‘oyalarining yana bir bor nishonlanishiga sabab bo‘ldi. SamDU jamoasi Navro‘z bayramini nishonlash an’anasini kelgusi yillarda ham davom ettirish niyatida.
- Navro‘z – bu bahorning ilk kunlarini, yangi hayotning boshlanishini, yangilanish va uyg‘onish faslini nishonlaydigan qadimiy va ezgu bayramdir, - deydi SamDU filologiya fakulteti dekani Jo’liboy Eltazarov. - Bu bayram Sharq xalqlari, xususan, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ezgulik, mehr-oqibat, ahillik va birdamlik timsoli hisoblanadi. Navro‘z kuni tabiat uyg‘onadi, daraxtlar kurtak yozadi, dalalar yashillikka burkanadi. Odamlar bir-birini tabriklab, yaxshilik tilaklarini bildiradilar. Bu bayram shunchaki odat tusiga kirgan sanadan iborat emas, balki u asrlar davomida insonlarni ezgulikka undagan, yaxshilik va mehr-muhabbatga chorlagan qadimiy an’anadir. Navro‘z – bu tiriklik, tabiat va inson uyg‘onishi, yangi orzular va yangi umidlar bayramidir. Filologiya fakulteti ham bayramga alohida tayyorgarlik ko’rdi. Milliy o‘yinlar, folklor chiqishlari bilan barchani xursand qildi. Navro‘zga xos tantanalar tashkil etdi.
- Ikki yildan beri Navro‘z bayramini Samarqand davlat universitetida nishonlayapman. Bu bayram bahorning kirib kelishini ifoda etuvchi quvonchli kunlardan biri, - deydi SamDU professori, hindistonlik Arindan Banik. - Hindistonda Navro‘z nishonlanmaydi, biroq bizda unga o‘xshash bayram – Holi-ranglar festivali bor. Holi har yili 25-mart kuni nishonlanadi va bahorning kelishini tantana bilan kutib olishga bag‘ishlangan. Shu boisdan, Holi va Navro‘z bir-biriga o‘xshash jihatlarga ega. Holi bayramida odamlar bir-biriga turli rangdagi kukunlar sepib, o‘zaro quvonch ulashishadi. Navro‘z esa butun o‘zbek xalqining birdamligi va do‘stligi ramzi sifatida nishonlanadi. Bayramni Samarqandda nishonlash juda maroqli. Barcha quvnoq, kulgu va shodlik bilan bir-birini tabrikladi. Ayniqsa, Samarqandda hindistonliklar soni ancha ko‘pligi sababli, biz ham bir-birimizni ko‘rib, bayramdan yanada ko‘proq zavq oldik. O‘zbekiston xalqiga bayram muborak bo‘lsin!
Bu kabi bayramlar turli millat vakillarini birlashtirishi, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashi shubhasiz. Bahor kelishini nishonlash va bu baxtiyor damlarni birga o‘tkazish esa har bir inson uchun alohida ahamiyatga ega. Navro’z ayyomi muborak bo’lsin!
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.