Samarqand davlat universiteti olimlari o‘rta asrlar davriga oid shahar ko‘rinishiga ega yodgorlik hududida qazish ishlari olib bormoqda
Samarqand viloyati Samarqand tumanida joylashgan o‘rta asrlar davriga oid Navbog‘tepa yodgorligida Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti olimlari va talabalari arxeologik qazish ishlarini olib bormoqda.
Mazkur qazish ishlari olimlarning ilmiy tadqiqotlari doirasida olib borilayotgan bo‘lsa, arxeologiya yo‘nalishi talabalari o‘z amaliyotini ushbu hududda o‘tamoqda.
- Qazish ishlari natijasida shahar ko‘rinishiga ega bo‘lgan arxitektura qoldiqlari aniqlandi, - deydi SamDU arxeologiya kafedrasi doktoranti Akbar Nazarov. – Biz dastlab xom va pishgan g‘ishtdan qurilgan uy-joy qoldiqlarini, kulolchilik buyumlari, sopol idishlar, zeb-ziynat buyumlari, supa va o‘choq qoldiqlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Hududda arxeologik qazish jarayonlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur hududda 2019 yilda Samarqand davlat universiteti olimlari Arxeologiya instituti xodimlari bilan hamkorlikda dastlabki qazish ishlarini olib borgan edi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.