Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Mashhura Ravshanova “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tayyorlov guruhlari nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida bolalar folklori namunalaridan foydalanish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    – Folklor materiallari bolalarning yosh imkoniyatlarini hisobga olgan holda, tarbiyalanuvchilarimizning  bilim va hissiy rivojlanishiga yordam beradi, - deydi Mashhura Ravshanova. - Qo‘shiq, maqol, matal, tez aytish, aytim-olqish, erkalama, ovutmachoq, qaytarmachoq, chorlama kabi bolalar folklori namunalari birinchi o‘rinda, kattalar va bolalar o‘rtasida ishonch va mehr munosabatlarini shakllantiradi. Xalqning boy milliy, madaniy, tarixiy merosi vositasida bolalar ma’naviy axloqiy sifatlarini tarbiyalash, maktabgacha yoshdagi bolalarda bilim olishga bo‘lgan ehtiyoj va  o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini shakllantirish, ularni ta’lim jarayoniga tayyorlab berish kabi vazifalarni bajaradi.

    Bola nutq jarayonida bevosita hissiyotga tayanadi. Bolalar folklori namunalari bolaning hissiyotlarini boyitish hamda unga matn mazmuniga mos keladigan hissiyotlarni ifoda etish ko‘nikmasini shakllantirish kabi xususiyatlari bilan muhim hisoblanadi. Bolalar folklorlari bolaning ijodiy qobiliyatlarini rag‘batlantiradi, tasavvurini uyg‘otadi. Bola tafakkurini rivojlantirib, o‘z fikrini erkin bayon qilish malakalarini shakllantiradi.

    Tarbiyachilar bolalar folkloridan individual va jamoaviy darslarida hamda bo‘sh vaqt mashg‘ulotlarida foydalanishlari mumkin. Bolalar folklori nutq terapevtlariga bolalar bilan aloqa o‘rnatishda, bolalarni chiroyli va ifodali nutqqa o‘rgatish uchun qulay sharoit yaratishda yordam beradi. Ularda tashabbuskorlik, tashkilotchilik, topqirlik qobiliyatlari rivojlanadi.  

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.