Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Barno Mustafoyeva “Maktabgacha yoshdagi bolalarda harakatli o‘yinlarni o‘tkazish usullari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    – Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sport bilan tanishish va sport o‘yinlarini o‘rganish, asosan, katta maktabgacha yoshdagi bolalardan ya‘ni, 6-7 yoshli bolalar bilan amalga oshiriladi, - deydi Barno Mustafoyeva. - MTTda tashkil etilgan sport o‘yinlari bolaning jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishni rivojlantiradi. Bolaning sport o‘yinlari elementlarini mohirona egallashi kelajakda tanlamoqchi bo‘lgan sport turi uchun asos bo‘la oladi. 

    Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida harakatli o‘yinlar o‘tkazishda bolalarning yosh darajasini, jismoniy va fiziologik rivojlanishi va bolalarning qiziqishlarini hisobga olgan holda tanlanishi kerak. Kichik guruhlarda harakatli o‘yinlar har kuni o‘tkaziladi. Mashg‘ulot davomiyligi 10-15 minut atrofida davom etishi kerak. Harakatli o‘yinlar kunning turli paytlarida o‘tkaziladi. Ertalabki nonushtaga qadar tarbiyachi barcha bolalarda yaxshi kayfiyat yaratish uchun individual yoki kichik guruh bilan o‘tkaziladigan sokin harakatlardagi o‘yinlarni o‘tkazgani ma’qul. Sayrlar, jismoniy tarbiya, musiqa mashg‘ulotlaridan keyin sayr paytida tarbiyachi xilma-xil harakat faoliyatini uyg‘otuvchi mazmunli, harakatli o‘yinlarni ularning butun qonun-qoidalari bilan hamda o‘yin mashqlarni faol harakatlar bilan birga qo‘shib o‘tkazish kerak. Katta va tayyorlov guruhlarida mashg‘ulot davomiyligi 20 minutgacha davom etishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.