Samarqand davlat universiteti maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti talabasi Farahnoz Bekmurodova “Maktabgacha yoshdagi bolalarning bog‘lanishli nutqini o‘stirish yo‘llari ” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    –  Bola ulgʻayar ekan, unda soʻzlashishga ehtiyoj paydo boʻla boshlaydi, - deydi Farahnoz Begmurodova. - Dastlab atrofdagilarini taniydi, eshitgan soʻz va jumlalarini asta-sekinlik bilan oʻzlashtiradi. Tilga kirgach esa uning soʻz boyligi jadal oʻsadi. Oddiy soʻzlar, keyinchalik sodda gaplardan va toʻliq, yoyiq gaplardan foydalanadi. Dialogik nutq oilada, ota-ona, aka-opalar davrasida vujudga keladi. Oʻziga kerakli narsani soʻrash uchun harakat qiladi, muloqotga kirishadi. Maktabgcha yoshdagi bolalarning nutqini o‘stirishda oldindan tayyorlangan mavzularda suhbatlar, teatrlashtirish usullari, sahnalashtirish o‘yinlari, savol-javoblar juda foyda beradi.

    Ta’kidlash joizki, bola uchun katta yoshli odam savollarga javob topishning yagona vositasi, qiziqarli taassurotlar manbai hisoblanadi. Bola kattalar bilan dialogga kirishishga, narsalar va oʻyinchoqlarga egalik qilishga intilarkan, u ushbu maqsadlarga erishish uchun soʻzdan foydalanishga ehtiyoj sezadi, bа’zida oʻzi tashabbus koʻrsatib, fikr bildiradi. Katta yoshli odam bola bilan dialogga kirishish jarayonida bolaning bir soʻzli fikrlarini grammatik jihatdan toʻliq shakllantirilgan soʻzlarga aylantirish orqali uning kamchiliklarini tuzatadi. Bola o‘rganganlarini faol oʻzlashtiradi va undan oʻz nutqida foydalanadi. Shuning uchun maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishda uning ota-onasi, aka-opalari va tarbiyachilarining hissasi katta.

        

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.