– SamDU issiqxonasida o‘stiriladigan yapon mushmulasi mevasining biologik xususiyatlari va ko‘paytirish yo‘llari masalalarini o‘rganishga harakat qildim, - deydi Mohigul Shukurova. – Mamlakatimiz hududiga yangi o‘simlik navlari, yangi texnologiyalarning kirib kelishi tufayli introduksiya sohasidagi mutaxassislardan ushbu o‘simliklarning xususiyatlari va samarali ko‘paytirish yo‘llarini o‘rganish talab qilinadi. Bugungi O‘zbekiston botanik olimlari oldiga yurtimizda o‘sadigan o‘simliklar turini boyitish, ularni oziq-ovqat, dori-darmon hamda sanoatning boshqa tarmoqlarida foydalanishga jalb etish kabi yuksak vazifa qo‘yilgan. Shu jihatdan, chet davlatdan keltirilgan yangi va sifatli mevali o’simliklarni sonini ko’paytirish bugungi davr talabi hisoblanadi. Yapon mushmulasi ana shunday o‘simliklardandir. Bu o‘simlik hozirgi kunda Samarqand davlat universiteti issiqxonasida o‘stirilib, ko‘paytirilib kelinmoqda.

    Yapon mushmulasi dorivor o‘simlik hisoblanadi. Uning tarkibida qand, olma va limon kislotasi hamda pektin moddalar mavjud. Mushmula mevasidan sharbat, kompot, murabbo, sirop va vinolar tayyorlash mumkin. Tarkibida efir moylari, glikozid va boshqa moddalar ko‘p uchraydi. Yapon mushmulasi gullagan paytda terilgan barglaridan tayyorlangan damlama tomoq yallig‘lanishida ishlatiladi. O‘simlikning bargi, po‘stlog‘i, xom mevasida oshlovchi modda bor bo‘lib, teri oshlashda foydlaniladi. Barglarida juda ko‘p qimmatli moddalar - antioksidantlar, taninlar va changni yutuvchi moddalar mavjud. An’anaviy xitoy tabobatida mushmula yekstraktlari yo‘talga qarshi sirop va turli dori-darmonlar tayyorlashda ishlatiladi. Yapon mushmulasining yog‘ochidan chizmachilikda ishlatiladigan asboblar va mo‘yqalam tayyorlanadi.

    Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Mohigul Shukurova “Yapon mushmulasining ko‘paytirish istiqbollari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga oid 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dosenti Ilhom Muqimov.

 

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.