Televizordagi reklamalar farzandlarimiz tarbiyasiga qanday ta’sir qilmoqda?

Axborot texnologiyalari insoniyatning hayot tarzi, taʼlim va mehnat jarayonlari, oilaviy munosabatlari hamda davlatning fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro aloqasida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Jamiyat axborotlashuvining jadallashuvi ijobiy jihatlar bilan bir qatorda, bolalarni zararli axborotlar taʼsiridan himoya qilishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, axborot xurujlarining turli ko‘rinishlaridan o‘sib kelayotgan avlodni himoya qilish, bolalarda axborot isteʼmoli madaniyatini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jahonda yuzaga kelgan qator tendensiyalar kishilik jamiyatining turli sohalarini tubdan o‘zgartirish, axborot tizimlari xavfsizligini taʼminlash va taʼlim-tarbiya jarayonida axborot texnologiyalarini tatbiq etishni taqozo etmoqda. Axborot hajmi, uni saqlash, qayta ishlash va uzatishning texnologik imkoniyatlari kengayib borishi ulardan jamiyatning barcha tarmoqlarida foydalanishga zamin yaratmoqda. Bu esa o‘z navbatida ushbu tarmoqlarda xususan, taʼlim-tarbiya jarayonlarida ham axborot tizimlari xavfsizligini taʼminlash masalasini keltirib chiqarmoqda. Shu bois bolalarni zararli axborotlar tahdididan himoya qilish texnologiyasini takomillashtirish va bu orqali o‘quvchilarni turli g‘oyaviy taʼsirlardan himoyalash hamda axborot xavfsizligini taʼminlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Sir emaski, kundan-kunga bolalar va o‘smirlar auditoriyasiga mo‘ljallangan reklamalar soni, ayniqsa, bolalar telekanallari va OAVda ortib bormoqda. Dunyoning ko‘pgina davlatlari reklamaning bolalarga salbiy taʼsiri bilan kurashmoqda va tovarlar marketingining yoshlarga taʼsirini cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Oziq-ovqat, jismoniy faollik va sog‘liqni saqlash bo‘yicha Global strategiyasida ham sog‘liq uchun zararli va foydasi kam bo‘lgan mahsulotlar targ‘iboti rag‘batlantirilmasligi maʼlum qilingan. Ayrim o‘rinlarda televideniye orqali bolalar uchun namoyish etiladigan barcha ko‘rsatuvlarni xam biz bolalar tarbiyasi uchun foydali deyishdan yiroqmiz. Bu o‘rinda televideniya orqali namoyish etiladigan reklamalarga eʼtibor qaratsak. Ayrim davlatlarda tele- va radio kanallar efirlari uchun maxsus kodekslar mavjud bo‘lib, ularga muvofiq, bolalarga bo‘rttirilgan reklamani tarqatish, mahsulotning isteʼmol xususiyatlariga ko‘ra bolalarni chalg‘itadigan, aldaydigan, ularni ishonchini suiisteʼmol qiladigan reklamalarni joylashtirish mumkin emas. Dunyoning 30 dan ortiq mamlakati, xususan Avstraliya, Malayziya, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi va Yevropaning ko‘plab davlatlarida bolalar uchun mo‘ljallangan televideniyaedagi reklamalarga maʼlum cheklovlar o‘rnatilgan milliy qonun hujjatlari mavjud. Mazkur hujjatlarda odatda vaqt bo‘yicha yoki dasturlar turlariga, yoxud aniq marketing usullaridan, xususan multfilm personajlaridan foydalanishga cheklovlar o‘rnatilgan. Masalan Buyuk Britaniyada – bolalar kanallarida yoki ular uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarda, bolalar auditoriyasi uchun mo‘ljallanmagan reklamalarni joylashtirish taqiqlanadi, ko‘rsatuvlar tanaffusida bolalarga mo‘ljallanmagan ko‘rsatuvlar anonsi, shuningdek pochta, elektron pochta, telefon yoki aloqa vositalari orqali buyurtma berish mumkin bo‘lgan reklamalarni joylashtirish mumkin emas. Nigeriya va Tailandda bolalar auditoriyasiga yo‘naltirilgan barcha reklama milliy davlat organi tomonidan ruxsat etilgan bo‘lishi lozim. Avstraliya, Filippin, Tailand va Buyuk Britaniyada oziq-ovqat reklamasida yolg‘on maʼlumotlarni taqiqlovchi qoida amal qiladi, Fransiya qonunchiligida esa televideniye va radioda oziq-ovqat reklamasini sog‘lom ovqatlanishning foydasi to‘g‘risidagi xabar bilan birga joylashtirilishi belgilangan. Xitoy, Daniya, Finlyandiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Ruminiya va Buyuk Britaniyada sog‘lom ovqatlanishni rag‘batlantiruvchi va ovqat o‘rnini bosuvchi sifatida gazaklarni (kartoshka chipslari, kreker va boshqalar) reklama qilinishini taqiqlovchi qoidalar amal qiladi.Norvegiya, Kanada (ayrim hududlarida) va Shvetsiyada bolalarga mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlarida har qanday reklamalarning namoyishi taqiqlangan.Belgiya, Vetnam, Portugaliya, Kanada va Germaniyaning baʼzi hududlaridagi maktablarda har qanday shakldagi reklamalarni joylashtirish xam ruxsat etilmagan. Finlyandiya, Fransiya, Gretsiya va Lyuksemburg davlatlarida esa agar reklama taʼlim olishga qaratilmagan bo‘lsa, maktab hududida uni joylashtirish man etilgan. Mazkur masala juda ham dolzarb, reklama sanoatini rivojlanishi bilan bolalar yoki o‘smirlar auditoriyasini u yoki bu reklamaning salbiy va zararli taʼsiridan himoya qilish tobora qiyinlashib bormoqda. Chunki, reklama bolalarga, ularning turmush tarziga, o‘zini tutishi, odatlari va didi, qarashlariga taʼsir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Va, albatta, bunda ota-onalarning o‘rni bo‘lishi va ular bolalar uchun namuna bo‘lishi kerak. Asosiysi, bolalarni reklama taʼsiri bilan kurashishga, hech bo‘lmaganda reklamada joylashtirilayotgan maʼlumotlarni qay biri yaxshi, qaysi yomonligi to‘g‘risida tushuntirib borish orqali ularga yordam berish muhim.
Hilola Nuriddinova,
Samarqand davlat universiteti doktoranti.