Mashhur qirg’iz adibi Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasi XX asrning eng go’zal “muhabbat qissasi” sifatida tan olinib, dunyoning 50 ga yaqin tillariga tarjima qilingan. Asar Jamilaning qaynisi bo’lajak rassom Seyid tilidan hikoya qilinadi. Asar urush yillarida ovul hayotida, odamlarning mashaqqatli turmushi, jamiyatning birgina bo’g’ini: Jamila va Doniyor hamda Seyid oilasi atrofida qalamga olingan va bu bilan urushning butun dahshatini ko’z oldingizda gavdalantiradi.

    Urush nafaqat erkaklar, balki ayollar va bolalar, keksa-yoshni baravar mehnat qilishga majbur qiladi. Jumladan, Doniyor bir oyog’i oqsoq bo’lsa-da butun bir sog’lom odamlar qatorida zahmat tortib mehnat qiladi. U kamgap, og’ir vazmin, ustida birgina juldur shineli va darbadar hayoti bor. Ammo uni o’ta nochor deb, kambag’al deb ham bo’lmaydi. Doniyorga buyuk va qodir Yaratgan tomonidan in’om etilgan sohir ovoz ham berilgan bo‘lib, u Vatanga bo‘lgan muhabbatini shu ovozga jo qilib, ajib bir qo’shiq yaratadi.

    Buni  “mohir” rassom bola Seyid tilidan o’qigan o‘quvchi go’yo shu ovozni eshitgandek bo’ladi. Seyidning  cheksiz muhabbatga limmo – lim qalbi bor. Agar shunday bo’lmaganda bunday go’zal, mungli qo’shiqlar yaralmasdi. Uning kam gapligi hech narsani bilmasligidan emas, balki ko’p narsani bilishi, sezishidandir. Shu bilan birga uning teran, qaysidir ma`noda xotiralarga boy, sirli, o’ychan faqat o’zigagina ayon sehrli dunyosi bor. Uning bu go‘zal dunyosi asarning biror – bir o’rnida muallif tomonidan tasvirlanmagan bo’lsa-da, buni uning o’sha olislarga termilgan cheksiz ko’zlari ortidagi poyonsiz dasht, sharqirab oqayotgan daryo suvlari bilan oshufta mungli qo’shiqlaridan payqash mumkin.

    Doniyor haqiqatda sevishga va sevilishga munosib qahramon sifatida o’quvchida so’zsiz, imo – ishorasiz g’oyibdan muhabbat uyg’otadi. Endi Jamilaga to’xtaladigan bo’lsak:

    Jamila baxtiyor va mas’ud sevgiga to’la odamlarni yori bilan o’tkazishi kerak bo’lgan takrorlanmas onlarini ayriliqda o’tkazayotgan obraz. Uning bunday yo’l tutishiga, o’sha noming o‘chgur urush ham sababchi emas edimi?! Agar undan sevgan yoridan ayrilmaganda, Doniyorga qiyo boqarmidi? Uning o’z eri sevgisi bilan to’lgan qalbida Doniyorning sevgisiga o’rin bo’larmidi? Deylik urush barcha xalqlarniki edi. Barcha xalqlarning boshiga birdek kulfat yog’diradi. Kimnidir sevgan yoridan, kimnidir dilbandidan, kimnidir mehribon otasidan ayiradi. Bu degani urushda qon kechib yurgan o’g’lonning xotini shartta boshqasi bilan qochib ketishi kerak degani ham emas. Ya’niki Mirtemirning “Surat” dostonidagi oshlonning aytgani kabi:  

    “Barchinoydek kutganing qani?

    Zardobu qon yutganing qani?

    Umr yo’lida to yumguncha ko’z,

    Birga – birga ketganing qani?

    Gunohim ne Jangda bo’lganim,

    Qon keshganim, yo bor o’lganim.

    Diydoringni unutolmayin,

    O’limlardan xatlab kelganim”.

deya qaysidir ma’noda Jamilaning qilmishini inkor etganday…

    Ammo Jamilaning muhabbatini adibning o’zi ham Doniyorga munosib ko’rgandek bo’ladi, go‘yo bu “sevgi qissasi” faqat va faqat Jamila va Doniyorniki bo’lib qolishi kerakdek…

    Shunday bo’ladi ham, Jamilaning sof va samimiy, beg’ubor dunyosi Doniyorning olami bilan qo’shib payvandlanganda ikki oshiq qalbga xos bo’lgan olam yanada mushtarak bo’lib go’zallashadi.

    Eng mashaqqatli yo’l “jasorat” yo’lidir. Jasorat ko’rsatmasdan, qahramonlik qilmasdan tilga tushish, tarixga aylanish mumkinmi axir? Jamila ham sevgi – muhabbatda shunday bir jasorat ko’rsatib, belgilangan chegarani buzib o’tib, beg’ubor sevgisini Doniyorga, Doniyorning sevgisiga poyondoz qilmaganda, bugun butun dunyo tan olgan go’zal muhabbat qissasi yaralarmidi?!

 

    Iqbol Oromova,
    Samarqand davlat universiteti
    Filologiya fakulteti talabasi