Samarqand davlat universitetiga Sankt-Peterburg politexnika universiteti rektori Andrey Rudskoy boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov uchrashuv o‘tkazdi.

    Tashrifning dastlabki qismida ikki tomonlama muzokaralar olib borilib, uzoq muddatli hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi. Tomonlar uchun muhim bo‘lgan sohalarda professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, texnika va texnologiya sohalarida muhandis kadrlar tayyorlashda hamkorlikni kuchaytirish, talaba va magistrlar uchun yozgi maktab dasturlari tashkil etish, shuningdek, muhandislik fizikasi sohasida ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilarga Sankt-Peterburg politexnika universiteti olimlaridan ilmiy rahbarlar tayinlash bo‘yicha bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik shartnomasi va yo‘l xaritasi imzolandi.

    Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori:

    - Ilm-fan sohasidagi har bir hamkorlikning zamirida ezgu maqsad yotadi. Bugungi rivojlanib borayotgan zamonaning o‘zi texnika, tabiiy fanlar, raqamli texnologiya kabi sohalarni rivojlantirish muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Samarqand davlat universiteti fundamental fanlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish sohasida yetarlicha kuch va ilmiy salohiyatga ega. Shu bilan birga texnika, raqamli iqtisodiyot, muhandislik fizikasi kabi yo‘nalishlarda xalqaro maydonda tajriba almashish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Sankt-Peterburg politexnika universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishimiz dunyoni ilm-fan orqali barqaror rivojlantirish asoslarini yaratadi...

    Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida “O‘zbekistonda politexnika” ko‘rgazmasi namoyish etildi. Samarqand davlat universiteti va Sankt-Peterburg politexnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan ilmiy-o‘quv texnologik markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘rgazma ishtirokchilari “LabVIEW” tizimi yordamida o‘lchovlarni avtomatlashtirish” virtual laboratoriyasi hamda “KAWASAKI” robot qo‘lini masofadan boshqarish jarayonlarini kuzatib, 3D bosib chiqarish jarayoni bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.

    Andrey Rudskoy, Sankt-Peterburg politexnika universiteti rektori:

    -Samarqand va Sankt-Peterburg shaharlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar chuqur tarixiy ildizga ega. Ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik ilm-fan, madaniyat va san’at sohalarida barqaror yo‘lga qo‘yilgan. Ilm-fandagi munosabatlarga hech qanday chegara va masofalar ta’sir qilmasligini tarixning o‘zi isbotlab turibdi. Bugungi tarixiy sanada ushbu do‘stona aloqalarning yana bir yangi davri boshlanmoqda. Ikki universitet hamkorligida tashkil etilgan ilmiy-o‘quv texnologik markaz o‘zaro do‘stlik aloqalarining eng katta amaliy ifodasi bo‘ldi. Samarqand davlat universiteti o‘zining yuqori ilmiy salohiyati, barqaror rivojlanish strategiyalari bilan dunyo bo‘yicha alohida nufuzga ega. Bugungi tashrifimiz davomida ikki tomon uchun ham birday manfaatli masalalarda hamkorlik shartnomalari imzoladik. O‘ylaymanki, mazkur kelishuvlar yetuk salohiyatli muhandis kadrlar tayyorlashda muhim qadam bo‘ladi...

    Sankt-Peterburg politexnika universiteti muhandislik maktabi tomonidan korporativ boshqaruv, inson resurslarini strategik boshqarish, ilg‘or materiallarni qayta ishlash texnologiyasi, suvo‘tlarining amaliy biotexnologiyasi kabi bir qator yo‘nalishlarda tashkil etilgan o‘quv dasturlarida qatnashgan bir guruh tadqiqotchi, talaba va o‘qituvchilar guvohnoma va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

    Gavhar Dushanova, Samarqand davlat universiteti genetika va biotexnologiya kafedrasi mudiri:

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.