“Qadimgi turkiy til – butun turk dunyosi uchun mushtarak o‘tmish va mustahkam tarixiy ildizlarning abadiy tutash nuqtasi...”
Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasi tadqiqotchisi Bayram Bilir bilan suhbat
– Samarqand davlat universitetiga kelishingiz qanday bo‘lgan?
– Markaziy Osiyo davlatlarida bo‘lish meni hamisha o‘ziga tortgan. Ilgari men Qirg‘izistonning Qirg‘iz-Turk Manas universitetida ishlardim. Pandemiya sabab Turkiyaga qaytishga to‘g‘ri keldi. Keyin Ushak universitetida tadqiqotchi sifatida ilmiy ishlarimni davom ettirdim. Bu orada Jo‘liboy Eltazarov bilan tanishdim. Keyin O‘zbekiston universitetlarida ham doktoranturada o‘qish va ilmiy ish yoqlash fikri tug‘ildi. Bakalavriatda o‘qib yurgan paytlarimdan beri qadimgi turkiy tillar bo‘yicha tadqiqot olib borish niyatim bor edi. Ammo Ushak universitetida bu sohada mutaxassis yo‘qligi sabab, PhD ishini boshqa mavzuda ishladim. Domla bilan gaplashib niyatim haqida aytganimda, juda katta qiziqish bilan maʼqullab, mening Samarqand davlat universitetiga kelishimga yordam berdilar. Shu tariqa 2020-yil noyabr oyida hujjatlarimni topshirib, doktoranturaga o‘qishga qabul qilindim. 2021-yil mart oyida Samarqand davlat universitetiga kelib, “O‘rxun yozuvini transkripsiyalashtirishdagi farqliliklar va ularning yuzaga kelish sabablari” mavzusida ilmiy tadqiqotlarimni boshladim.
– Mazkur ilmiy ishingizda qanday ilmiy manbalardan foydalangansiz?
– Ushbu mavzuda O‘rxun-Enasoy yozuvlarini transkripsiyalashtirishga katta hissa qo‘shgan jahon olimlari V. Tomson, P. Melioranskiy, V. Radlov, S. Malov, G‘ani Abdurahmonov, Qosimjon Sodiqov, Usmon Sanaqulov kabi olimlar ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Bu kabi katta tadqiqotlar olib borilganiga qaramay, hali-hanuz baʼzi tovushlarni o‘qish va transkripsiya qilishda baʼzi muammolar mavjud. Men o‘z tadqiqotimda shu kabi masalalarga yechim topishga harakat qildim.
– Ishning asosiy ilmiy yangiligi nimadan iborat?
– Barcha turkiy xalqlarning bobo tili qadimgi turkiy tildir. U – butun turk dunyosi xalqlari uchun yagona va mushtarak o‘tmish va mustahkam tarixiy ildizlarning abadiy tutash nuqtasi. Uni o‘rganish, millatlar do‘stligi va hamjihatligi sari qo‘yilgan muhim qadamdir.
Barcha tillar uchun har bir belgi va hatto urg‘u ham Angliya Xalqaro fonetika assotsiatsiyasi taklif etgan transkripsiyaga asoslanib ishlab chiqilishi kerak. Bu bir necha asrlar davomida saqlanib kelayotgan yozma manbalarni o‘rganish, tushunishni osonlashtirishga yordam beradi. Shu jihatdan O‘rxun-Enasoy bitiktoshlari transkripsiyalarini ham qaytadan ishlab chiqdik, farqlilik sabablarini tahlil qildik desam xato bo‘lmaydi. 2022-yil aprel oyida Samarqand davlat universiteti Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgach, institut qoshida ochilgan til markazida talabalarga turk tilini o‘rgata boshladim. Hozirda 30 dan ortiq o‘quvchilarim bor. 10 ga yaqin talabalar turk tilidan B2, C1 darajalarini qo‘lga kiritgan.
Afsus bilan aytish kerak, O‘zbekistonda qadimgi turkiy til mavzusi juda kam ishlanyapti. Kelganimga 2 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu vaqt ichida faqat 2 nafar tadqiqotchining shu mavzuda ilmiy ish himoya qilganini ko‘rdim. Bugun filologiya sohasida himoya qilinayotgan ilmiy ishlarning umumiy soniga nisbatan olsak, bu 1 foizni ham tashkil qilmaydi. Holbuki, mazkur sohada juda katta va muhim mavzular bor.
Qayd etish kerak, tayanch doktorantura dissertatsiyasi himoya jarayonlarida bir qancha yutuqli tomonlar ham ko‘rdim. Masalan, avtoreferat masalasi. Turkiyada ham, Yevropa davlatlarida ham bu narsa yo‘q. Lekin o‘ylaymanki, avtoreferat ilmiy rahbar uchun ishni tekshirib, kuzatib borishda juda qo‘l kelar ekan. Har bir kiritilgan o‘zgarishning dissertatsiya matnidan tekshirish qo‘shimcha vaqt va mehnat talab qiladi. Avtoreferat bu jarayonni ancha osonlashtiradi.
– Endigi rejalaringiz qanday?
– Yuqorida aytganim, Ushak universitetidagi dissertatsiya ishimni davom ettirishim kerak. U yerda “O‘zbek-turk romanlari xronotopi” mavzusida ishlayapman. Tadqiqot sifatida Oybekning “”Qutlug‘ qon”, Asqad Muxtorning “Chinor”, O‘tkir Hoshimovning “Nur borki, soya bor”, Pirimqul Qodirovning “Qora ko‘zlar”, Abdulla Qahhorning “Sarob”, Odil Yoqubovning “Diyonat” kabi romanlari, shu bilan birga turk adabiyotidan Sabohattin Alining “Kuyujaklik Yusuf”, Fakir Baykurt, O‘rxan Kamol kabi yozuvchilarning romanlari misolida o‘rganmoqdaman. Mazkur tadqiqot ishimni yakunlaganimdan keyin, O‘zbekistonda fan doktorligi (DSc) ishi qilish ham niyatim bor.
– Shu kunga qadar erishgan natijalaringizda Samarqand davlat universitetining o‘rnini qanday baholaysiz?
– Avvalo, astoydil qilingan mehnat evaziga hamda Samarqand davlat universitetining qo‘llab-quvvatlashi bilan himoyamni muvaffaqiyatli yakunlay oldim. Buning uchun universitet rektori Rustam Xolmurodov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Hakim Xushvaqtov, filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, xususan professor Muslihiddin Muhiddinov, ilmiy rahbarim Jo‘liboy Eltazarov, fakultet dekani Azamat Pardayevga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildirib qolaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA suhbatlashdi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.