“Referendum – xalq irodasini o‘zida jamlagan jarayon”
Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratish, inson shaʼni va qadr-qimmatini qonun darajasida taʼminlash hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi islohotlarga moslashtirishda muhim hodisa ekanligini alohida taʼkidladi.
– Bugun Vatanimiz muhim yangilik va o‘zgarishlar ostonasida turibdi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov, - Referendum – saylov emas, bu xalqning butun irodasini o‘zida jam etgan siyosiy jarayon. Unda faol ishtirok etishni targ‘ib qilish, o‘zgarishlarning mohiyatini xalq vakillariga tushuntirish eng avvalo, davlat idoralari vakillarining vazifasidir. Yurtimiz ravnaqi va rivoji, millat taqdiriga befarq bo‘lmagan holda, jamiyatning har bir aʼzosi referendumda faol ishtirok etishi kerak. Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda yangi Konstitutsiya birinchi navbatda fuqarolarning munosib hayot kechirishini taʼminlashni maqsad qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari va har bir mansabdor shaxslar faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi, bosh mezon darajasiga olib chiqadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.