Kitob taqdimoti: “Tun tongga tutash”
Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot - kutubxona markazida taniqli yozuvchi va munaqqid, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ilhom Hasanovning “Tun tongga tutash” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ilhom Hasanov filologiya fanlari nomzodi, dotsent. 1980-91-yillar davomida Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida faoliyat yuritgan. Shu yillarda “Safar, “Ota”, “Oltin baliqcha”, “Osma ko‘prik”, “Latofat”, “Ishqobod fojiasi” kabi hikoyalari e’lon qilingan. Keyinchalik adib dramaturgiya sohasida ham samarali mehnat qilib “Bir kam dunyo” pyesasini yaratgan. Asar Samarqand viloyat drama teatrida muvaffaqiyat bilan sahnalashtirilganidan keyin ko‘plab tomoshabinlarning ko‘nglidan joy olgan.
“Tun tongga tutash” to‘plamida yozuvchining adabiyot olami, bu makonda so‘z aytmoqlik yukining zalvorini ko‘ngil-ko‘ngildan his qilib yozgan hikoyalari jamlangan.
– Xalqimiz orasida “Yaxshi so‘z uvol bo‘lmaydi,” degan qadim hikmat bor. Ilhom Hasanovning “Tun tongga tutash” to‘plami inson qalbiga eng go‘zal, eng sof hissiyotlar ulashadi, - deydi SamDU filologiya fakulteti talabasi Muyassar Mustafoyeva, - Yozuvchi ijodi bilan tanishar ekansiz, bir-birini takrorlamas tasvirlarga duch kelasiz. Ayrimlarini o‘qishingiz bilan beixtiyor o‘zbek adabiyotining zabardast yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning peyzaj tasvirlari ko‘z oldingizda gavdalanadi. Bundan anglash mumkinki, yozuvchi Ilhom Hasan o‘zbek adabiyotimizning qalami o‘tkir adiblaridan biri bo‘lgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.