Ochiq dars: “Qo’lyozma asarlarga xos yozuv usullari”
Samarqand davlat universiteti aniq va ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'limi o'qituvchisi Muhammadixon Buzrukov Xalqaro ta'lim dasturlari markazi 2-kurs talabalariga "Eski o'zbek yozuvi" fanidan "Qo'lyozma asarlarga xos yozuv usullari" mavzusida ochiq dars o'tdi.
- Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri yozuv hisoblanadi. Yurtimiz tarixining juda katta qismi arab yozuvidagi manbalarda o‘z aksini topgan, - deydi Muhammadixon buzrukov. - Arab yozuvi sanʼat asari va go‘zallik namunasi sifatida tan olingan. Buni ajdodlarimiz qoldirgan qo‘lyozma asarlar misolida ham ko‘rish mumkin. Kitobning yaratilishi birinchidan, ko‘plab voqeliklar va hodisalarni o‘zida mujassam etadi. Ikkinchidan, ularni butun dunyoga targ‘ib etish, keyingi avlodlarga yetkazish vazifasini bajarmoqda. Kitoblar, qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qatʼiy nazar bugungi kungacha bilim manbai sifatida qadrlanib kelinmoqda. Samarqand davlat universitetida yosh avlodga noyob qo‘lyozma manbalarni o‘rgatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maʼlumki bunday tarixiy manbalardan foydalanish qatʼiy tartibda olib boriladi. SamDU ilmiy-amaliy muzey laboratoriyasida esa talabalarni bevosita asl manbalar bilan tanishishi, ulardan dars davomida foydalanishlari uchun maxsus sharoitlar yaratilgan. Xalqaro ta‘lim dasturlari markazi 2-kurs talabalari "Eski o‘zbek yozuvi" fanidan “Qo‘lyozma asarlarga xos yozuv usullari” mavzusini aynan shu yerda o‘tgani bejiz emas. Dars davomida talabalar bu yerda saqlanayotgan tarixiy manbalar bilan tanishdi. Ularning yozuv usullarini bir biri bilan solishtirib o‘rgandi. Yosh avlodga yozma manbalarning ilmiy, tarixiy, madaniy ahamiyatini yetkazish dolzarb hisoblanadi.
Ochiq darsda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot - kutubxona markazi nodir qo’lyozmalar bo’limi xodimlari ham ishtirok etishdi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.