“Birinchi Renessans allomalari”
Samarqand davlat universitetida ushbu nomdagi kitob taqdimoti o‘tkazildi...
Avvalo, mazkur o‘quv qo‘llanma mualliflarining mashaqqatli mehnati alohida e’tirof etildi. Kelgusida ushbu loyihani izchil davom ettirish yuzasidan bir qator fikr-mulohazalar bildirildi.
Taqdimot marosimida respublikamizning turli muassasa va tashkilotlari vakillari hamda Samarqand davlat universiteti ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.
Kitob taqdimotida so‘zga chiqqanlar Birinchi Renessans asoslarini yaratishga ulkan hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar haqida fikr mulohazalar bildirish bilan bir qatorda bugungi zamon ilm-fani rivojida allomalar merosining o‘rni va ahamiyati bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tdi.
-Mutafakkirlarimizning hayoti, ilmiy faoliyati har bir davr yoshlari uchun ibrat timsolidir, - deydi “Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi O‘tkir Rahmat, - Biz yurtimiz va dunyo tarixida Birinchi Renessansni yaratgan allomalarning nomi bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki ularga munosib voris bo‘lishga intilishimiz zarur. Ularning hayoti va ilmiy merosini qunt bilan o‘rganishimiz kerak. Chunki, intellektual rivojlangan jamiyat va davlat Uchinchi Renessans poydevorini yanada mustahkam, ajdodlariga xos tarzda qo‘ya oladi. Bu borada SamDU da olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor...
-Agar Yevropa Uyg‘onish davrining natijalari sifatida adabiyot va san’at asarlari, arxitektura durdonalari, tibbiyot va insonni anglash borasida yangi kashfiyotlar yuzaga kelgan bo‘lsa, Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq va tabiiy fanlarning, shuningdek, tarix, falsafa va adabiyotning rivojlanishida namoyon bo‘ladi, - deydi Samarqand davlat universiteti tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev. -Bu davrning yetuk namoyandalari, mutafakkir va allomalarimizning boy merosidan butun bashariyat ravnaqi yo‘lida oqilona va samarali foydalanish - bu siz bilan bizning vazifamiz va burchimizdir. Bu borada fidoyi olimlar juda muhim o‘rin tutadi.. Aynan ularning mehnati tufayli biz o‘tmishning bebaho ilmiy merosini qaytadan kashf etmoqdamiz.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.