So’nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universiteti va universitet rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlisi Senati a’zosi Rustam Xolmurodov haqida turli xil bo’hton va tuhmat gaplar tarqalmoqda. 40 yilga yaqin davr mobaynida universitetda faoliyat yuritayotgan pedagog sifatida Rustam Xolmurodovning ilmiy, pedagogik va tashkiliy faoliyati haqida o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman.

    Faoliyatim taqozo etgani uchun dunyoning nufuzli universitetlariga amalga oshirilgan o’nlab sayohatlarda Rustam Xolmurodovga hamrohlik qilib, domlaning ishtirokida xalqaro uchrashuvlar, muzokaralar va boshqa yuqori saviyadagi tadbirlarda qatnashganman.

    Bu tadbirlarning barchasida Rustam Xolmurodov yetuk olim sifatida o‘zining aql-zakovati, dunyoqarashi keng rahbarligi, xushmuomalaligi bilan suhbatdoshlari e’tiborini tortadi. Olim nafaqat oliy ta’lim, balki ta’limning barcha bosqichlaridagi muammolarini yaxshi biladi.

    Rustam Xolmurodov bir qator mamlakatlardagi ta’lim tizimining yutuqlaridan yaxshi xabardor. Maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limdan keyingi  bosqichni modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘z g‘oyalari bilan matbuotda tez-tez chiqishlar qilib turadi. Taraqqiy etgan mamlakatlarda to‘plangan ilg‘or tajribalarni o‘rganib, ularni sharoitimizga moslashtirgan holda mamlakatimiz ta’lim tizimiga joriy etish dasturini ishlab chiqish tashabbusi bilan SamDU da Transformatsiya ofisi tashkil etilgan. Markaz xodimlari ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi ilg‘or tajribalarni o‘rganib, amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda.

    Bundan tashqari, universitetda dunyoning yetakchi universitetlaridan taklif etilgan ulkan tajribaga ega yetuk olimlar samarali mehnat qilmoqda. Bugungi kunga qadar Samarqand davlat universiteti kafedralarida 100 dan ortiq yetakchi olimlar qisqa va uzoq muddatli tashriflar doirasida “Taklif etilgan professor” dasturi bo‘yicha o‘z ilmiy-pedagogik faoliyatini olib bormoqda. Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan Xalqaro ta’lim dasturlari markazi tashkil etilgan bo‘lib, uning negizida Yevropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari hamda Rossiya Federatsiyasi universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarining qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

    Talaba va tadqiqotchilarimiz ushbu dasturlar bo‘yicha tahsil olish orqali zamonaviy bilim olish va o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun noyob imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Rustam Xolmurodov rahbarligida fakultetlar soni ko‘paydi, fan va madaniyat sohasida yanada katta va muhim ta’limiy vazifalar yuklatilgan institutlar, yangi o‘quv tuzilmalari, zamonaviy fan va texnikaning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etilmoqda. Talabalar kontingenti bir necha baravar ko‘paydi, o‘qituvchilar darajasi oshdi, universitetning xalqaro reytingi yuksaldi.

    Rustam Xolmurodovning zamonaviy SamDU talabalar shaharchasini loyihalash va modernizatsiya qilishdagi o‘ziga xos tajribasi alohida e’tiborga loyiq. Bu ko‘plab xorijlik mehmonlar va universitet xodimlari tomonidan yuqori baholanmoqda. Rostini aytsam, ba’zida talabalik yillarimga qaytib, yangi, zamonaviy xonalarda o‘qigim keladi...

    Fikrimni yakunlab, shuni aytmoqchimanki, har birimiz o‘z ishimizga Rustam Xolmurodov singari mas’uliyat bilan yondashsak, muvaffaqiyatimiz yanada ulkan bo‘ladi. Men Rustam Xolmurodovdek iqtidorli rahbar qo‘l ostida ishlayotganimdan mamnunman va Samarqand davlat universitetida faoliyat ko’rsatayotganligimdan faxrlanaman!

    Samarqand davlat universiteti

    Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig’i

    Muxtor Nosirov feysbuk sahifasidan olindi