Samarqand davlat universitetida yangi o’quv yili munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Talabalikka bag’ishlov” nomli tadbir o’tkazildi…
Anjumanda ilmiy jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov kirish so’z bilan ochdi:
- Bugun birinchi bosqichga qabul qilingan talabalar ilk bor Samarqand davlat universiteti o’quv xonasiga kiradi. Bu kun talabalarning xotirasida bir umrga saqlanadi. Yillar o’tadi, bu davr yoshlarning hayotida naqadar muhim ekanligini tushunishadi. Davlatimiz rahbari tomonidan talaba-yoshlarning o’qishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. O’nlab talabalar xorijiy stajirovkaga yuborildi. Bularning barchasi sizlarning yaxshi o’qishingiz, sifatli ta’lim olishingiz uchun amalga oshirilmoqda. Sizdan faqat o’qish talab etiladi. Barchangizni talabalikka qabul qilinganligingiz bilan tabriklayman. Kelgusi ishlaringizga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilayman.
- Bugun orzuim amalga oshdi, talabalik baxtiga muyassar bo’ldim. SamDU matematika fakultetiga davlat granti asosida o’qishga qabul qilindim, - deydi Shohista Hakimova. – Oilam uchun Samarqand davlat universiteti qadrli, ota-onam va opam ushbu dargohda o’qigan. Ular doim SamDUda o’qigani bilan faxrlangan. Hamma vaqt talabalik yillarini yaxshi xotiralar bilan esga oladi. Meni ham universitetdan umidlarim katta. Kelajakda SamDUda oladigan bilimlarim bilan hayotda o’z yo’limni topishga ishonaman. Barcha talabalarga bugungi kun muborak bo’lsin!
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat Akramov olgan suratlar.