Samarqand davlat universitetida sun’iy intellekt va raqamli ta’lim texnologiyalarining dolzarb muammolari muhokama qilindi…
Samarqand davlat universitetida intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetida “Sun’iy intellekt va raqamli ta’lim texnologiyalari: amaliyot, tajriba, muammo va istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya o’tkazildi.
Anjumanda Malayziya, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan hamda mamlakatimizdan 90 ga yaqin olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjumannni o‘tkazishdan asosiy maqsad oliy ta’limni raqamlashtirish masalalari, sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi: muammo va imkoniyatlar, amaliy masalalarni yechishda raqamli texnologiyalarni qo‘llashning muammo hamda xalqaro tadqiqot natijalarini muhokama qilishdan iborat. Shuningdek, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, nufuzli xalqaro jurnallarda maqolalar e’lon qilish ko‘zda tutilgan.
Marosimni Samarqand davlat universiteti Intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti dekani Fayzullo Nazarov kirish so‘z bilan ochdi.
Muhammad Suzuri Hitam, Malayziyaning Terengganu universiteti professori:
- Anjuman yuqori saviyada o‘tmoqda. Soha bo’yicha Samarqand davlat universitetida yetakchi mutaxassislar bor. Shuning uchun ham tadbirni SamDU da o’tkazyapmiz. Bu kabi konferensiyalarning o‘tkazilishi hozirgi vaqtda dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt va axborot texnologiyalari borasida bajarilayotgan ishlarni yanada takomillashtiradi.
Svetlana Tupikova, Rossiyaning Saratov davlat universiteti dotsentli:
- Konferensiyada universitetda ingliz tilini o‘rganish va o‘qitish jarayonida sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari bo‘yicha ma’ruza qildim. Anjumanning a’lo darajada tashkil etilgani, ma’ruza mavzularining rang-barangligi, tinglovchilarning katta qiziqishini uyg’otdi.
Mohinur Meliyeva, Samarqand davlat universiteti tayanch doktoranti:
- Universitetimizda mazkur konferensiyaning o‘tkazilishi biz izlanuvchilar uchun muhim. Konferensiyada ishtirok etayotganimdan xursandman. Bir qator xorijlik olimlar bilan tanishdim. Ilmiy ishim bo‘yicha ham tavsiyalar oldim. Dolzarb mavzudagi ma’ruzalarini tingladim.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.