Samarqand davlat universiteti talabalari Germaniyada amaliyot o’tab qaytishdi…
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining 10 nafar 4-bosqich talabalari malakaviy amaliyotni Germaniyaning Kyoln shahrida joylashgan Watchberg Oberbachem Schnieder Obsthof agroklasterida o’tab qaytdi. Talabalar 3 oylik malakaviy amaliyot o’tash davomida sabzavotchilik va mevachilik yo’nalishida Germaniya ilg’or tajribasini o’rganib, zamonaviy bilim va ko’nikmalarga ega bo’lishdi.
Mazkur agroklasterda talabalalar qishloq xo’jaligida yerni tayyorlash, ekish, ekinlarni parvarishlash, tomchilatib sug’orish hamda suv bilan o’g’itlash kabi zamonaviy amaliyotlarda bevosita ishtirok etib, Germaniya agrar tizimi bo’yicha qimmatli ma’lumotlarni egallashdi.
Bundan tashqari an’anaviy va vertikal issiqxonalarda ko’chatlarni yetishtirish va parvarishlash, xususan avtomatlashtirilgan sug’orish va o’g’itlash tizimi, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashishning innovatsion usullari bilan ham tanishib, o’zlariga zarur bo’lgan bilimlarni egallashga muvaffaq bo’ldi.
Shuningdek, yig’ishtirib olingan mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash texnologiyalari bilan ham yaqindan tanishishdi.
Germaniyada malakaviy amaliyotni muvaffaqiyatli tugatganligi sababali talabalarga xalqaro sertifikatlarni Samarqand davlat uiversitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov va Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo’lot Rajabovlar tantanali tarzda topshirishdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.