Xitoylik olimlar bilan agrar sohadagi hamkorlik masalalari yangi bosqichga ko’tarildi …
Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Republikasining Janubi-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universiteti ilmiy ishlar bo’yicha prorektori professor Luo Jun boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Xitoylik olimlar bilan Samarqand davlat universitet ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov muloqot qildi.
Uchrashuvda tomonlar o’rtasida agrar soha bo’yicha o’quv va ilmiy-tadqiqot yo’nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti bilan qishloq xo’jaligining dolzarb yo’nalishlarida ilmiy loyihalar olib borish, qo’shma laboratoriyalar tashkil etish, professor-o’qituvchilar va talabalar almashinuvini yo’lga qo’yish kabi masalalar kelishib olindi. Ayniqsa, mamlakatimizda strategik ekinlardan hisoblangan bug’doy va g’o’zaning qurg’oqchilikka chidamli yangi navlarini yaratish va ularning hosildorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-tadqiqotlarga ustuvorlik berilishi kelishildi. Bu sohada Janubi-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universiteti tomonidan katta natijalarga erishilgan va mazkur texnologiyalarni O’zbekiston sharoitiga transfer qilish va moslashtirish bo’yicha yaqindan hamkorlik olib borishga delegatsiya a’zolari tomonidan rozilik berildi.
Eslatib o’tamiz, joriy yilning yanvar oyida SamDU prorektori Hakim Xushvaqtov boshchiligidagi delegatsiya Janubi-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universitetida bo’lib, hamkorlik masalalari kelishilgan edi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.