Amaliy ishlar davri: Samarqand davlat universitetida Yeungnam universiteti bilan hamkorlikda xalqaro tadbir o’tkazildi...
2024-yil yanvar oyida Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Jo’raqulova boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning Yeungnam universitetida bo’ldi. Tashrif davomida mazkur universitetning tarix, madaniy antropoligiya hamda muzeyshunoslik bo’limlari rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqot davomida hamkorlik masalalari muhokama qilinib, simpoziumlar tashkil etish va tajriba almashishlar belgilangan edi.
Xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi sifatida SamDU ga Yeungnam universitetining professorlari Kim Jae Youn va Lee Eun Jeong boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Uchrashuv davomida SamDU tarix fakulteti va Yeungnam universiteti madaniy antropologiya bo’limi o’rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Rasmiy uchrashuvdan so’ng “O’zbek va koreys xalqlarining madaniy almashinuvi” nomli tadbir o’tkazildi. Tadbirda xalqlarimizning milliy urf-odatlari ko’rsatilib, milliy cholg’u kuylari ijro etildi.
Shundan so’ng "Akademik simpozium va o’zaro madaniy almashinuv" nomli xalqaro tadbir o’tkazildi. Anjumanda SamDU va Yeungnam universiteti olimlari ikki davlat tarixchiligi bo’yicha qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Lee Eun Jeong, Yeungnam universiteti muzeyshunoslik bo’limi direktori, professor:
-Samarqandga ilk bor kelishim. Doim ushbu mashur tarixiy shaharda bo’lishni orzu qilganman. Samarqand haqiqatdan ham ochiq osmon ostidagi muzey. O’zining tarixiyligi, madaniyligi bilan odam alohida ajralib turadi. Ayniqsa Registon majmuasini sinchiklab ko’rmaslikning iloji yo’q. Har bir naqshlari, burchagi did bilan ishlangan. Binolari hashamatli va jozibador. Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan xalqaro anjumanda ishtirok etganimdan xursandman. Tashkilotchilardan minnatdorman. Tadbir yuqori saviyada o’tdi. Samarqandda tajriba almashishimiz biz uchun muhim.
Kim Dae Wook, Yeungnam universiteti professori:
- Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishish menga zavq bag’ishladi. Universitet 600 yillik boy tarixga egaligi meni quvontirdi. SamDU dagi arxeologiya va Samarqanddagi “Afrosiyob” muzeylari menda katta taassurot qoldirdi. Samarqand davlat universitetida koreyalik professor-o’qituvchi va tadqiqotchilarning faoliyat ko’rsatishi tahsinga sazovor. Afrosiyob muzeyida qadimiy Koreya elchilarining devoriy tasvirlarini ko’rib, xalqalarimiz qadimdan aloqalar o’rnatganligiga yana bir bor guvoh bo’ldim. O’zim uchun yangi tarixni kashf qildim.
Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universitetida joriy yilning fevral oyida Yeungnam universiteti bilan hamkorlikda “Inson resurslarini boshqarish va Saemaul taʼlimoti” ilmiy-tadqiqot markazi ochilgan edi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.