Samarqand davlat universiteti Xitoyning xalqaro alyansiga a’zo bo’ldi…
Samarqand davlat universiteti Xitoy Xalq Respublikasining “Ipak yo‘lidagi qishloq xo‘jaligi ta’limi va tadqiqotlarida innovatsiyalar” xalqaro alyansiga a’zolikni qo’lga kiritdi.
Joriy yilning 10-iyul sanasida Toshkent shahrida “Ipak yo‘lidagi qishloq xo‘jaligi ta’limi va tadqiqotlarida hamkorlik” 9-xalqaro forumi o’tkazildi.
Anjuman doirasida Samarqand davlat universitetiga mazkur alyansning a’zolik sertifikatini Alyans raisi, Xitoy Janubi-g’arbiy qishloq xo’jaligi va o’rmonchilik universiteti prezidenti Wu Pute topshirdi. Sertifikatni SamDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov qabul qilib oldi.
Mazkur alyansga dunyoning 30 ga yaqin davlatlarning yetakchi agrar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari a’zo sanaladi. Alyansga a’zolik Xitoy va dunyoning boshqa rivojlangan mamlakatlarida qishloq xo’jaligi sohasida erishilgan ilg’or yutuqlar bilan o’zaro tanishish, tajribalar almashish, ushbu yetakchi universitetlar bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash va ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkonini yaratadi.
Forum doirasida Wu Pute, SamDU prorektori Hakim Xushvaqtov va Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo’lot Rajabovlar ishtirokida alohida uchrashuv tashkil qilindi. Muloqotda agrar sohada tomonlar o’rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Bug’doyning qurg’oqchilikka va tuproq cho’rlanishiga chidamli bo’lgan yangi navlarini yaratish ustida ilmiy-tadiqotlar olib borishga kelishildi. Ma’lumot uchun, bug’doy navlarini yaratish sohasida Xitoyning mazkur universiteti salmoqli natijalaraga erishgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.