Samarqand davlat universitetiga 5 yulduzli universitet maqomi berildi...
Samarqand davlat universiteti dunyoning eng nufuzli Quacquarelli Symonds (QS), Times Higher Education kabi reyting agentliklari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Buning natijasida Samarqand davlat universiteti O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib ҚС Старс reytingida 5 yulduzli maqomni qo‘lga kiritdi.
QS Stars tizimi oliy taʼlim muassasalarini global miqyosida baholovchi dunyoning 3 eng yirik reyting agentliklaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2009 yilda universitetlarga o‘zlarining kuchli sohalarini targ‘ib qilish, zaif tomonlarini aniqlash va yaxshilashga yordam berish maqsadida tashkil etilgan.
QS Stars reytingi universitetlarni 13 kategoriya bo‘yicha: taʼlim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashtirish, tadqiqot, xalqarolashtirish, akademik rivojlanish, qulayliklar, onlayn taʼlim, innovatsiyalar, sanʼat va madaniyat, inklyuzivlik, ijtimoiy masʼuliyat, atrof-muhitga taʼsir va tanlangan mutaxassislik mezonlariga asoslangan holda baholaydi. Mazkur reytingga kirish uchun universitetlar eng kamida yuqoridagi 8 yo‘nalishni tanlab maʼlumotlar taqdim etadi.
Reyting tizimining asosiy maqsadi bo‘lajak talabalarga universitet tanlashda foydalanish uchun qo‘shimcha vosita berish, alohida muassasalar haqida chuqurroq maʼlumot berishga qaratilgan.
QS kompaniyasi Samarqand davlat universiteti faoliyatini baholashni 2023 yil 1 noyabrda boshladi va natijalar 2024 yil eʼlon qilindi. 8 faoliyat yo‘nalishi va 50 dan ortiq ko‘rsatkichlar bo‘yicha maʼlumotlar chuqur tahlil qilindi. Unga ko‘ra universitet ishtirok etgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal 1000 baldan 780 ball to‘pladi (5 yulduzli universitet bo‘lish uchun to‘plash lozim bo‘lgan minimal ko‘rsatkich 700 ball).
Taʼlim sifati kategoriyasi bo‘yicha mavjud 4 ko‘rsatkichning 3 tasi, jumladan, talabalarning taʼlim sifatidan va universitetda yaratilgan sharoitlardan qoniqish darajasi, bitiruvchilarning taʼlimni keyingi bosqichlarida davom ettirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha maksimal ballni qo‘lga kiritgan.
QS tomonidan global miqyosda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra Samarqand davlat universiteti 158 nafar ish beruvchilar tomonidan sifatli kadrlar yetkazib berishi eʼtirof etilildi. Universitet bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘qishni tugatgandan keyin 24 oy ichida doimiy ishga joylashdi. Samarqand davlat universitetida “Karyera” markazi ishga joylashtirish xizmatlari tashkil etildi. Natijada bitiruvchilarning ishga joylashishi ko‘rsatkichi doirasida ham 5 yulduzga ega bo‘ldi.
So‘nggi yillarda SamDUda 20 ga yaqin qurilishlar: o‘quv binolari, talabalar turar joylari, sport inshootlari, ilmiy laboratoriyalar, IТ markaz qad rostladi. Bu esa QS reyting agentligi tomonidan ham eʼtirof etildi. Universitetda yaratilgan qulayliklar kategoriyasi bo‘yicha ham 5 yulduz bilan baholandi.
Tanlangan taʼlim yo‘nalishi kategoriyasida baholash uchun fizika taʼlim yo‘nalishi tanlangan edi. Fizika yo‘nalishida o‘qishga kirishda har bir o‘rin uchun 15,8 nafar abituriyent ariza topshirganligi, talabalarning 94 foizi o‘z vaqtida o‘qishni tugatayotganligi, 94,1 foizi esa taʼlim sifatidan mamnun ekanligi natijasida bu yo‘nalishda ham 5 yulduz qo‘lga kiritildi.
Reytingdagi yana bir muhim ko‘rsatkichlardan biri bu ijtimoiy masʼuliyatdir. SamDU talabalarining 79 foizi samarqandlik ekanligi hududiy inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari SamDU tashabbusi bilan Nurobod va Qo‘shrabod tumanlarida 17 gektar bog‘ barpo etildi.
QS stars reyting tizimi universitetlarga xorijlik talabalarni muayyan ustuvor fan yo‘nalishlari bo‘yicha jalb etishga yordam beradi.
Universitetdagi taʼlim sifatini QS kabi xalqaro miqyosda ishonchli tashkilot tomonidan tasdiqlanishi o‘z brendini rivojlantirish va bozor ehtiyojlariga mos keladigan akademik dasturlarni taklif qilish imkonini beradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.