Samarqand davlat universitetida Xitoy-O’zbekiston seleksiya va urug’chilik markazi tashkil etiladi…
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo’lot Rajabov shu kunlarda Xitoyning Urumchi shahridagi Shinjon qishloq xo’jalik akademiyasida bo’lib turibdi.
Safar davomida Shinjon qishloq xo’jalik akademiyasi olimlari bilan hamkorlikda g’o’za va bug’doyning esktremal iqlim sharoitlariga chidamli bo’lgan yangi navlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda mazkur akademiyaning g’o’za va bug’doy tadqiqotlariga ixtisoslashgan qator laboratoriyalari, tajriba-sinov issiqxonalari va ilmiy markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ayniqsa, gen muhandisligi asosida g’o’za va bug’doyning yangi navlarini yaratish jarayonlari, yaratilgan mazkur navlarning o’sish va rivojlanish xususiyatlarini o’rganishga qaratilgan tadqiqotlar ko’zdan kechirildi.
Yuqoridagi hamkorlikni yo’lga qo’yishning ilmiy platformasi sifatida Shinjon qishloq xo’jalik akademiyasi olimlari bilan hamkorlikda Samarqand davlat universitetida Xitoy-O’zbekiston seleksiya va urug’chilik markazini tashkil etishga kelishildi.
Ushbu markazni tashkil etishning muhim bosqichlari, moliyalashtirish manbalari va faoliyatining asosiy yo’nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida mazkur akademiyaning G'o'za muhandisligi texnologiyasi ilmiy markazi direktori o'rinbosari professor Mamat Tursunjan va Yadro texnologiyalari va biotexnologiya instituti direktori o'rinbosari Zhang Yueqianglar bilan go'za va bug'doy bo'yicha muhokamalar olib borildi.
Hamkorlikning boshqa yo’nalishlari va imkoniyatlariga qaratilgan muhokamalar davom ettirilmoqda…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.