Samarqand davlat universitetida qo’shma ta’lim dasturlarini 2024-yilda bitirgan bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi...
Unda Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov, xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov, professor-o‘qituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.
Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari markazida shu kunga qadar 8 ta xorijiy davlatning 11 oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda 13 bakalavr va 10 magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2023-2024-o‘quv yilida 42 nafar bakalavriat va 2 nafar magistratura talabalari tahsilni muvaffaqiyatli tamomladi.
Tadbirda Rossiya Federatsiyasining Tomsk davlat milliy tadqiqot universiteti bilan tashkil etilgan Iqtisodiyot va raqamli iqtisodiyot qo‘shma ta’lim dasturlarini tugatgan 14 nafar talabalarga hamkor oliy ta’lim muassasasi va Samarqand davlat universitetining diplomlari topshirildi.
– Qo‘shma ta’lim dasturlari xorijning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz iqtisodiyoti va rivoji uchun zarur bo’lgan, yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan bo’lib, zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha sifat va yuqori samaradorlikka erishish ko‘zlangan, - deydi Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov, - 2024-2025-o‘quv yilida ham universitetda magistratura mutaxassisliklarida mamalakatimizning kelgusi rivojlanishiga hissa qo‘shadigan kadrlar tayyorlovchi qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish maqsad qilib olingan. Yangi o‘quv yilidan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vebster universiteti bilan Biologiya, Kimyo va Psixologiya yo‘nalishlarida bakalavriat qo‘shma ta’lim dasturi tashkil qilish belgilangan. Shu bilan birgalikda, bugungi kunda TOP-1000 talikka kiruvchi dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda.